Mahalliy

Gazeta 18 yoshini nishonlamoqda. Biz bilan birga ekaningiz uchun rahmat!

11-avgust kuni Gazeta 18 yoshini nishonlamoqda. Mamlakatdagi deyarli yigirma yilning eng muhim voqealari — islohotlar va o‘zgarishlar, fojia va yutuqlar Gazeta sahifalarida aks etadi. Ushbu yillar davomida faoliyatimizning asosiy mo‘ljali o‘quvchilarimiz bo‘lib keldi.

Gazeta 18 yoshga to‘ldi. Biz bilan birga bo‘lganingiz uchun tashakkur!

**Muallif: Gazeta hamasoschisi Azamat Atadjanov, butun tahririyat nomidan**

"Gazeta.uz"ni yaratish g‘oyasi bir soat ichida paydo bo‘ldi. Atigi bir hafta o‘tib, 2008-yil 11-avgustda sayt ishga tushirildi va tezda eng ko‘p o‘qiladigan hamda iqtibos keltiriladigan manbalardan biriga aylandi.

"Odamlar uchun yangiliklar beradigan sayt kerak", — deb o‘ylardik men va Suren Sapov tushlik paytida bir necha yildan beri xayolimizda shakllanib kelgan g‘oyani muhokama qilar ekanmiz. Rasmiy OAVlar odamlarga kerakli ma’lumotlarni bermasdi, mavjud onlayn nashrlarning auditoriyasi esa bor-yo‘g‘i ikki-to‘rt yuz kishidan oshmasdi.

Aynan siz, aziz mushtariylarimiz, har doim faoliyatimizning asosiy maqsadi bo‘lib kelgansiz.

Har qanday materialni, hatto kichik bir yangilikni tayyorlashda ham o‘zimizga shunday savollar beramiz: "Bu mushtariylar uchun qiziqarli va muhimmi?", "Ular ajratadigan vaqtga arziydimi?", "Bu hammaga — maktab o‘quvchisiga ham, pensionerga ham tushunarlimi?"

18 yil ichida O‘zbekistonda ko‘p narsa o‘zgardi.

Mamlakatning so‘nggi qariyb yigirma yillikdagi eng muhim voqealar — islohotlar va o‘zgarishlar, kashfiyotlar va yutuqlar, shuningdek, inqirozlar va fojialar Gazeta sahifalarida o‘z aksini topdi. Bizni uzoq vaqtdan beri shunchaki "Gazeta" va hatto "gazeta" deb ataydigan mushtariylarimizga ergashib, nashrga aynan shu nomni berishga qaror qildik.

Gazeta o‘zining birinchi oyida — 2008-yil avgustida mana nimalar haqida yozgandi:

* [2008-yil avgust oyidagi eng muhim yangiliklar]

Gazeta tajribasi o‘nlab yangi onlayn OAVlar uchun namuna bo‘ldi.

Yangiliklar, reportajlar va intervyulardan boshlab, biz bosqichma-bosqich kolonkalar, tahliliy maqolalar va shaxsiy hujjatli filmlar darajasigacha o‘sdik, ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi esa doimiy ravishda yangi formatdagi materiallarni joriy etishga undamoqda.

Bizning formatlarimizdan ilhomlanishdi, matnlarimizdan (havola ko‘rsatgan va ko‘rsatmagan holda) mustaqil va davlat OAVlari iqtiboslar keltirishdi, yangiliklarimizni dastlabki kunlardan beri radioda o‘qib eshittirishadi, ayrim quyidagiga o‘xshagan fotosuratlarimiz esa ramziy ma’no kasb etadi, ular "bizdan alohida yashamoqda" (biz buni ma’qullamaymiz, mualliflik huquqini hurmat qilish kerak).

* [Gazeta’ning ushbu fotosuratidan turli OAV va davlat organlari muntazam foydalanib keladi. Muallif — Yevgeniy Sorochin.]

Odamlarni eng muhim voqealardan xabardor qilish maqsadida ishlaydigan ko‘plab mustaqil nashrlarning paydo bo‘lishi, bu kimgadir yoqmasligi mumkin bo‘lsa ham, bir vaqtlar bloklab qo‘yilgan xorijiy va mahalliy OAVlarga bo‘lgan talabni kamaytirdi. Vaqt o‘tishi bilan (yangi prezident davrida va e’lon qilingan ochiqlik siyosati doirasida) ularga kirish to‘liq ochib qo‘yildi — va hech qanday yomon narsa yuz bergani yo‘q. Halol raqobat sharoitida mushtariy nimani o‘qishni o‘zi hal qildi.

Butun dunyoda jurnalistika murakkab soha hisoblanadi.

Jurnalistlar turli joylardan reportajlar tayyorlashda salomatligini xavf ostiga qo‘yishiga to‘g‘ri keladi. Ko‘plab xodimlarimiz shunchaki o‘z ishlarini qilgani (masalan, suratga olgani yoki reportaj tayyorlagani) uchun "uchastkalar"da noxush suhbatlarni boshdan kechirdi. Bu yo‘ldan chekinishga majbur qiladigan tahdidlar ham bo‘ldi.

Biroq biz har kuni yangiliklar yozishda, reportajlar tayyorlashda, maqola va intervyularni e’lon qilishda davom etmoqdamiz. Biz odamlarga sifatli jurnalistika, ilhomlantiradigan hikoyalar, eng muhim narsalar haqida so‘zlaydigan matnlar, erkin aytilish huquqiga ega bo‘lgan fikrlar zarurligiga — sodir bo‘layotgan voqealarni ko‘rish, tushunish va muhokama qilishga yordam beradigan maydon kerakligiga ishonamiz.

Mamlakatda erkinlik kengaygani sari yoqimsiz "suhbatlar" ham ancha kamaydi. Hali ham ayrim qiyinchiliklar bor, lekin bu faqat bugungi O‘zbekistonga xos holat emas. Katta qiyinchiliklardan biri — davlat organlarining yopiqligi. Ko‘plab qarorlar keng jamoatchilik muhokamasisiz qabul qilinmoqda — mamlakat darajasida ham, shahar va tumanlar, mahallalar va hatto hovlilar darajasida ham. Biz jamoatchilik manfaatlari yo‘lida yanada ko‘proq ochiqlik tarafdori sifatida chiqishlar qilishda davom etamiz. Axir bundan yakunda butun mamlakat yutadi.

18 yil davomida Gazeta tahririyati bir kishidan iborat jamoadan muhim axborotni mushtariylarga yetkazish uchun qiyinchiliklarni qayta-qayta yengib o‘tishga tayyor, o‘z ishiga sodiq professionallarning ahil oilasiga aylandi. O‘nlab sobiq hamkasblarimiz nashrning yanada yaxshiroq bo‘lishiga o‘z hissalarini qo‘shdi. O‘nlab mualliflar — ekspertlar, olimlar, elchilar, davlat organlari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda xodimlari — mamlakat ichida va xorijdan turib biz uchun yozishda davom etmoqda.

Biz ko‘p ming kishilik auditoriyamizni ham o‘z oilamiz deb hisoblaymiz. Ko‘plab mushtariylar materiallarimizga muntazam ravishda izohlar qoldirib, ularni boyitib bormoqda. Gazeta’ning oldinga harakat qilishiga xizmat qilayotgan ishonch uchun har biringizga tashakkur!

Shuningdek, ko‘p yillar davomida ko‘rsatgan qo‘llab-quvvatlashi bizga yanada rivojlanishga yordam berayotgan reklama beruvchilarimizga minnatdorlik bildiramiz. Shaxsiy hujjatli film va AQShdagi Jahon chempionatini yoritish kabi yirik loyihalarni amalga oshirish yo‘lidagi hamkorlarimizga ham rahmat aytamiz, ularsiz bu murakkab bo‘lardi.

Va, albatta, umumiy ishimizga qo‘shgan hissasi va qo‘llab-quvvatlagani uchun boshqa nashrlardagi — onlayn va an’anaviy OAVdagi hamkasblarimizga minnatdorlik bildiramiz.

Biz bilan birga ekaningiz uchun rahmat!