Gaz konlarini örganişni arzonlaştiriş yöli topildi
Rossiyadagi Gubkin nomidagi neft va gaz universiteti olimlari gaz konlarini örganiş xarajatlarini kamaytirişga qaratilgan yondaşuvni taklif qildi. Mualliflar hisob-kitobiga köra, «tornado» deb ataluvçi matematik tahlil usuli bir konda yiliga 30 milliondan 300 million rublgaça tejaş imkonini berişi mumkin.

Gaz konlarini o‘rganishni arzonlashtirish yo‘li topildi
Kondan qancha gaz qazib olish mumkinligini baholash uchun muhandislar kompyuter modellarini tuzadi. Bunday modellarga tog‘ jinslarining g‘ovakligi, o‘tkazuvchanligi, qatlam bosimi, suv xususiyatlari kabi yuzlab ko‘rsatkichlar kerak bo‘ladi.
Ularni aniqlash esa quduq burg‘ilash, tog‘ jinslaridan namuna olish va laboratoriya tahlillarini talab qiladi. Bu ishlar vaqt va mablag‘ bilan bog‘liq. Tadqiqotchilar har bir konda barcha ko‘rsatkichlarni birdek chuqur o‘rganish zarurmi, degan savolga javob izlagan.
Olimlar G‘arbiy Sibirdagi 66 ta gaz uyumiga oid maʼlumotlarni tahlil qilgan. Buning uchun «tornado-eksperimentlar» usuli qo‘llangan: modelda har bir geologik ko‘rsatkich navbatma-navbat o‘zgartirilib, uning qazib olish prognoziga taʼsiri qayd etilgan.
Usulning nomi tabiiy tornado bilan tajriba o‘tkazilganini anglatmaydi. Tahlil natijalari girdob shakliga o‘xshash diagrammalarda ko‘rsatiladi: prognozga eng kuchli taʼsir qiluvchi omillar eng keng tasmalar bilan belgilanadi. Bu muhim ko‘rsatkichlarni ikkinchi darajalilardan ajratishga yordam beradi.
Tadqiqotda turli geologik qatlamlar uchun ustuvor omillar ham farq qilishi aniqlangan.
Loyiha ishtirokchisi Artyom Yeliseyevning tushuntirishicha, nisbatan sayoz, bo‘sh va g‘ovak jinslardan iborat senoman qatlamlarida pastdan bosim beruvchi suvning xususiyatlari hamda gaz va suvning jinslar orasidan qanday harakatlanishi muhim. Bunday konlarda quduqlarga kutilganidan erta suv kirib kelishi, gazning bir qismi esa qatlamda qolib ketishi mumkin.
Chuqurroq joylashgan, jinslari zichroq goteriv qatlamlarida boshqa masalalar ustuvor: gaz hajmini to‘g‘ri baholash va qaysi qatlamlar qazib olishda amalda ishtirok etayotganini aniqlash.
Shu natijalar asosida olimlar har bir konda qaysi o‘lchovlarni albatta o‘tkazish, qaysilarini esa qisqartirish yoki ulardan voz kechish mumkinligini belgilovchi algoritm taklif qilgan. Masalan, ayrim konlarda bosim monitoringini kuchaytirish va ko‘proq jins namunalari olish zarur bo‘lsa, boshqalarida quduqlarda suyuqlik va gaz harakatini o‘rganuvchi gidrodinamik tadqiqotlarga eʼtibor qaratish kerak.
Tejam, avvalo, konni o‘rganish dasturini aniqroq rejalashtirish hisobiga erishilishi ko‘zda tutilgan. Mualliflar bunday yondashuv prognoz aniqligini pasaytirmasdan, ortiqcha tadqiqot xarajatlarini kamaytirishini taʼkidlamoqda.
Tadqiqotda Rossiyada ishlab chiqilgan dasturlar ham sinovdan o‘tkazilgan. Olimlarning aytishicha, yuzlab hisoblash variantlarida ularning tezligi va aniqligi xorijiy muqobillar bilan taqqoslangan hamda ulardan qolishmasligi qayd etilgan.

