Sport

“Garri meni to‘xtata olmaydi. Shavkat uning darajasini ko‘rsatib qo‘ygan” — Maxachev

“Garri meni to‘xtata olmaydi. Shavkat uning darajasini ko‘rsatib qo‘ygan” — Maxachev

UFC yarim o‘rta vazn toifasining amaldagi chempioni, 34 yoshli rossiyalik jangchi Islom Maxachev UFC reytingida 77 kg vazn toifasida birinchi o‘rinda turgan irlandiyalik Ian Garri uni mag‘lub eta olmasligiga ishonch bildirdi. Shuningdek, Maxachev Gerrini o‘ziga jiddiy xavf tug‘diradigan raqib deb hisoblamasligini ta’kidladi. Ularning jangi 16-avgust tongida Filadelfiyada bo‘lib o‘tadigan UFC 330 turnirining markaziy jangi bo‘ladi .

“Ian meni to‘xtata oladigan jangchi emas. Men uning Shavkat bilan jangini ham ko‘rdim. Birinchi raundda Rahmonov uni osonlik bilan mag‘lub etgandi. Unda o‘zgacha nimadir borligini ko‘rmayapman. Shavkat unga bosim o‘tkazdi, parterga tortdi va menga Garrining darajasini ko‘rsatib berdi”, dedi Maxachev bahs oldidan bergan intervyusida.

Ma’lumot uchun Garri va Rahmonov o‘rtasidagi jang 2024-yil 10-dekabr kuni UFC 310 turniri doirasida bo‘lib o‘tgan. Bellashuv Shavkat Rahmonovning hakamlarning yakdil qarori bilan qozongan g‘alabasi bilan yakunlangan.

Ayni paytda Islom Maxachev UFC’da ketma-ket 16 ta g‘alabali seriyani davom ettirmoqda. Uning professional faoliyatidagi rekordi 28 g‘alaba va 1 mag‘lubiyatni tashkil etadi. Rossiyalik jangchi so‘nggi bor Nyu Yorkda o‘tkazilgan UFC 322 turnirida sobiq chempion avstraliyalik Jek Della Maddalenani hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etib, yarim o‘rta vazn toifasi chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan va UFC tarixida ikki vazn toifasida chempion bo‘lgan jangchilar qatoridan joy olgan edi.

Ian Machado Garri esa so‘nggi jangini 2025-yilning 22-noyabr kuni Qatarda tashkil etilgan UFC Fight Night turnirida falastinlik Bilol Muhammadga qarshi o‘tkazib, hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozongan. 28 yoshli irlandiyalikning professional rekordi 17 g‘alaba (shundan 8 tasi muddatidan avval) va 1 mag‘lubiyatdan iborat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.