Dunyo

«Gap omon qolish haqida ketmoqda»: Klichko imkoni bor kiyevliklarga vaqtincha ketishni tavsiya qildi

Kiyev meri Vitaliy Klichko Rossiya hujumlari kuchaygani fonida poytaxtdan tashqarida qarindoshlari yoki doʻstlari bor aholiga shahardan vaqtincha ketish imkoniyatini koʻrib chiqishni tavsiya qildi. Biroq u Kiyevni toʻliq evakuatsiya qilishga chaqirmayotganini taʼkidladi.

«Gap omon qolish haqida ketmoqda»: Klichko imkoniyati bor kiyevliklarga vaqtincha ketishni maslahat berdi

Klichko bu haqda AFP agentligiga bergan va 8-oktabrda eʼlon qilingan intervyusida aytgan.

«Shahrimizga hujumlar kuchayayotgani sababli har kuni vayron boʻlgan binolar, yaralangan va halok boʻlgan odamlar haqida yangi xabarlar kelmoqda. Bugun gap omon qolish haqida ketmoqda», - degan mer.

Uning tavsiyasi, birinchi navbatda, Kiyevdan tashqarida vaqtincha yashash imkoniyati bor fuqarolarga qaratilgan.

### Suv taʼminoti uzilishi yirik inqirozga olib kelishi mumkin

Klichko Rossiya hujumlari oqibatida suv taʼminoti tizimi ishdan chiqsa, poytaxtda keng koʻlamli inqiroz yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Shu bilan birga, u barcha aholini shahardan chiqib ketishga chaqirmayotganini aytgan. Merning fikricha, Ukraina shaharlarining boʻshab qolishi Rossiya prezidenti Vladimir Putin manfaatlariga xizmat qiladi.

«Putin uchun eng yaxshi ssenariy - hammamiz ketib, boʻsh shaharlarimiz va butun mamlakatimizni unga qoldirishimiz», - degan Klichko.

Merning maʼlum qilishicha, shahar maʼmuriyati qishga tayyorgarlik doirasida zaxira isitish tizimlarini barpo etmoqda. Shuningdek, yonilgʻi, oziq-ovqat va ichimlik suvi zaxiralari toʻplanmoqda.

Biroq Klichko tayyorgarlikning oʻzi barcha xavflarni bartaraf eta olmasligini taʼkidlagan. Uning soʻzlariga koʻra, havo hujumidan mudofaa tizimi zarbalarni qaytara olmasa, shahar ogʻir vaziyatga tushib qolishi mumkin.

DW xabariga koʻra, sentabrda Rossiyaning Kiyevga hujumlari kuchaygan. Oktabr boshida esa Dnipro daryosi orqali shaharning oʻng va chap sohillarini bogʻlaydigan koʻpriklarga ham zarbalar berilgan.

Hujum nishonlari orasida energetika, aloqa va temiryoʻl infratuzilmasi obyektlari ham bor.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 3-oktabrda Rossiya havo hujumlari orqali aholini Kiyev va boshqa yirik shaharlarni tark etishga majburlashga urinayotganini aytgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.