Gambiya Yahyo Jammening musoda qilingan AQShdagi hovlisini sotishdan tushgan mablagʻni uning boshqaruvidan jabr koʻrganlarga toʻlaydi
Gambiya Merilenddagi uyning sotuvidan 2,5 million dollar olganini tasdiqladi.

**Gambiya Yahyo Jamme boshqaruvi qurbonlariga AQShdagi musodara qilingan hovli pulidan kompensatsiya toʻlaydi**
Jamme Gambiyani 20 yildan ortiq boshqargan
Rasmiylarning bildirishicha, Gambiya sobiq hukmdor Yahyo Jamme mol-mulkining musodara qilinishidan soʻng Qoʻshma Shtatlardan olingan pulni uning boshqaruvi qurbonlariga kompensatsiya toʻlash uchun ishlatadi.
Gambiyaning Tovon undirish komissiyasi Gʻarbiy Afrika mamlakatining sobiq rahbariga tegishli Merilend shtatidagi hovli sotuvidan 2,5 million dollar (1,86 million funt sterling) olganini maʼlum qildi.
2022 yilda AQSh ushbu mulk "jinoiy daromadlar va oʻzlashtirilgan Gambiya davlat mablagʻlari"ga sotib olingani asosida uni sotish huquqini qoʻlga kiritgan edi.
Jamme 1994 yildagi toʻntarishda hokimiyatni egallab olgach, Gambiyani 20 yildan ortiq boshqardi. Ushbu davr inson huquqlarining buzilishi, majburiy yoʻqotishlar va suddan tashqari qotilliklar haqidagi ayblovlar bilan bogʻlanadi.
Seshanba kuni Gambiya Tovon undirish komissiyasi "qurbonlar, omon qolganlar va jamoatchilikka Jamme mulkining sotilishidan jami 2 573 414,10 dollar olganini mamnuniyat bilan maʼlum qilishini" aytdi.
U pullarning masʼuliyat bilan va shaffof tarzda, "qurbonlar va omon qolganlarning huquqlari hamda ehtiyojlarini lozim darajada hisobga olgan holda" ishlatilishini taʼminlashga sodiqligini bildirdi.
Jamme 2016 yilgi saylovda Adama Barrouga yutqazdi, avvaliga magʻlubiyatni tan oldi, ammo keyinchalik natijani rad etdi.
Oxir-oqibat, u mintaqaviy va xalqaro kuchli tazyiqlar ostida 2017 yilda isteʼfoga chiqdi.
Gambiyaga bir qancha Gʻarbiy Afrika mamlakatlari, jumladan, Senegal qoʻshinlari joylashtirilgan va ular Jammeni hokimiyatdan kuch bilan agʻdarish bilan tahdid qilgan edi.
Yakunda u lavozimini tark etishga rozi boʻldi va Ekvatorial Gvineyaga surgunga ketdi.
Keyinchalik Milliy komissiya sobiq prezidentning Gambiyada 281 ta, shuningdek, AQSh va Marokashda bittadan mulki borligini hamda 100 dan ortiq bank hisoblarini nazorat qilganini aniqladi.
Komissiyaning taʼkidlashicha, u oʻz maoshi evaziga bunga hech qachon erisha olmas edi va u 300 million dollardan ortiq mablagʻni oʻzlashtirgan degan xulosaga keldi.
Jamme siyosiy muxoliflarning oʻldirilishi, yoʻqolib qolishi, zoʻrlanishi va qiynoqqa solinishiga rahbarlik qilganlikda ayblanmoqda.
Surishtiruv komissiyasi keng tarqalgan huquqbuzarliklar "davlat yoki uning agentlari tomonidan 240-250 nafar gambiyalik va gambiyalik boʻlmaganlarning oʻlimiga" olib kelganini aniqladi.

