Gʻorlar Oʻzbekistonda yangi turistik yoʻnalishga aylanadi

Gʻorlar Oʻzbekistonda yangi turistik yoʻnalishga aylanadi
Oʻzbekistonda gʻorlar va boshqa yer osti tabiiy obʼyektlarini yangi turistik yoʻnalishga aylantirish rejalashtirilmoqda. 2026–2028 yillarda Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida zarur infratuzilmani yaratish, investorlar va olimlarni jalb qilish, shuningdek, turistlar uchun xavfsizlik qoidalarini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Speleoturizmni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasi tasdiqladi.
2026–2028 yillarda mamlakatning toʻrtta hududidagi tanlab olingan obʼyektlarda zamonaviy turistik infratuzilma paydo boʻladi, shuningdek, tashrif buyuruvchilar sonini koʻpaytirish boʻyicha ishlar olib boriladi.
Bunda gʻorlar va boshqa obʼyektlar oʻz tabiiy va tarixiy qiymatini saqlab qolishi kerak. Agar obʼyekt madaniy merosga tegishli boʻlsa, har qanday qurilish va taʼmirlash ishlarini faqat zarur ruxsatnomalar olinganidan va Madaniy meros agentligi bilan kelishilganidan keyingina amalga oshirish mumkin boʻladi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda ishlar ekologik talablarni hisobga olgan holda olib boriladi.
2026 yil yakuniga qadar Turizm qoʻmitasi gʻorlarning turistik salohiyati toʻgʻrisida foto-, video- va boshqa materiallarni tayyorlaydi hamda ularni Yagona milliy turistik platformaga joylashtiradi. 2027 yildan boshlab xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar boshlanadi, shuningdek, turistlar uchun eng qiziqarli boʻlgan obʼyektlar maʼlumotlar bazasi yaratiladi.
Shu bilan birga, rasmiylar speleoturizmni rivojlantirishga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. 2026–2027 yillarda biznesni jalb qilish choralari koʻriladi, 2027 yildan boshlab esa har yili mahalliy va xorijiy investorlar ishtirokida investitsiya forumlari, taqdimotlar va ishbilarmonlik uchrashuvlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
2027–2028 yillarda viloyatlar hokimliklari tanlangan hududlarda zarur infratuzilmani yaratadi: muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari, dam olish zonalari, sanitariya-gigiyena shoxobchalari va turistlar uchun boshqa obʼyektlar. Mahalliy aholiga oilaviy mehmon uylarini ochishda ham yordam koʻrsatiladi.
Xavfsizlikka alohida eʼtibor qaratiladi. Yaqin oylarda gʻorlarga tashrif buyurish qoidalari ishlab chiqiladi, 2027 yildan boshlab esa mutaxassislar uchun yiliga ikki marta treninglar oʻtkaziladi.
Speleoturizmni targʻib qilish maqsadida 2027 yilning may–iyun oylarida olimlar va ekspertlar ishtirokida xalqaro konferentsiya boʻlib oʻtadi. Shuningdek, grantlarni jalb qilgan holda speleologiya, geologiya, gidrologiya va biospeleologiya sohalarida har yili tadqiqotlar oʻtkaziladi.
Oʻzbekistonda speleoturizmni rivojlantirish gʻoyasi avval ham muhokama qilingan edi. Xususan, zarur normativ-huquqiy bazani yaratish, mamlakatning eng yirik gʻorlarini xorijiy telekanallar orqali targʻib qilish, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish va yer osti turistik yoʻnalishlari uchun xavfsizlik standartlarini joriy etish taklif qilingan edi.

