Gʻazoda urushdan shikastlangan bino qulashi oqibatida kamida 12 kishi halok boʻldi
Gʻazo shahridagi 10 ta oila yashab kelayotgani aytilgan bino vayronalari ostida oʻnlab odamlar bedarak yoʻqolgan.

Gʻazoda urushdan shikast topgan bino qulashi oqibatida kamida 12 kishi halok boʻldi
Mahalliy aholining aytishicha, bino xavfli ekani haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, unda 10 ta oila yashab kelgan
Gʻazo sektorida urushdan shikast topgan binoning qulashi oqibatida kamida 12 kishi, jumladan, bolalar halok boʻldi, oʻnlab kishilar bedarak yoʻqoldi, deb xabar berdi mahalliy qutqaruv xizmatlari.
Aholining aytishicha, xonadonlar xavfli ekani haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, u yerda 10 ta oila yashab kelayotgan boʻlgan.
HAMAS nazoratidagi Fuqarolik mudofaasi qutqaruv xizmati aʼzolari Isroilning Gʻazoga olib kiriladigan uskunalarga qoʻygan qattiq cheklovlari tufayli dastlab «quruq qoʻl» bilan ishlashga majbur boʻlganliklarini bildirishdi. Biroq, keyinchalik ular baʼzi ogʻir texnikalarni vaqtinchalik olishga muvaffaq boʻlishgan.
Seshanba kuni Isroilning Gʻazoga uyushtirgan havo hujumlari oqibatida kamida besh falastinlik, jumladan, ikki bola va HAMAS komandiri halok boʻldi, deb xabar berdi sogʻliqni saqlash rasmiylari va HAMAS manbalari.
Isroil harbiylari Gʻazo janubida HAMAS komandirini, shimolida esa yana bir jangchini yoʻq qilganini maʼlum qildi. Ikkala holatda ham bir nafardan bola halok boʻlgani xabar qilingan.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning «Falastinliklarga tibbiy yordam» xayriya tashkiloti Gʻazo shimolidagi Jabaliya shahrida oʻzlari qoʻllab-quvvatlaydigan tibbiyot markazida Isroil droni hujumi oqibatida bir bemor halok boʻlganini maʼlum qildi.

