Fyuri va Joshua o‘rtasidagi jang 2027-yilga ko‘chirilishi yoki Nyu Yorkda o‘tkazilishi mumkin

Fyuri va Joshua o‘rtasidagi jang 2027-yilga qoldirilishi yoki Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tishi mumkin
Professional boksning super og‘ir vazn toifasida Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi kutilayotgan jang 2026-yil noyabr oyida Nyu-Yorkdagi "Madison Square Garden" arenasida o‘tkazilishi ehtimoli bor. Bu haqda The Telegraph nashri ma’lum qildi.
Manbaning xabariga ko‘ra, hozirda Nyu-Yorkdagi arena asosiy variant sifatida ko‘rilmoqda. Dastlab jangni Londonning "Uembli" stadionida o‘tkazish rejalashtirilgan edi, biroq kuzda ochiq arenani tayyorlash qiyinchilik tug‘diradi. Agar tomonlar baribir London arenasini tanlasa, iliq ob-havo sharoitini ta’minlash maqsadida jang 2027-yilning bahoriga ko‘chirilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, sana o‘zgargan taqdirda Fyuri va Joshua yana bittadan jang o‘tkazishlariga to‘g‘ri keladi, bu esa ma’lum xavflarni keltirib chiqaradi.
Jangni "Madison Square Garden" arenasida o‘tkazish borasida AQSH auditoriyasining qiziqishi ham shubha ostida. Netflix qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, tashkilotchilar britaniyalik bokschilar o‘rtasidagi to‘qnashuv AQSHda past qiziqish uyg‘otishidan xavotirda.
Avvalroq, super og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempionlari, britaniyalik Tayson Fyuri (35-2-1) va Entoni Joshua (29-4) 2026-yilning to‘rtinchi choragida o‘zaro to‘qnash kelishi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Fyuri Joshua bilan jang tashkil etilmasa, faoliyatini yakunlashini bildirgan edi.

