Futzal boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sogʻligʻidagi muammolar tufayli isteʼfoga chiqdi

Futzal boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sogʻligʻi sababli oʻz lavozimini tark etdi
Ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes futzal boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimini muddatidan oldin tark etdi. Bunga uning sogʻligʻidagi jiddiy muammolar sabab boʻldi, shu sababli shifokorlar unga kasbiy faoliyatini vaqtincha toʻxtatib, davolanishni tavsiya qilishdi.
Mendes oʻz qarori haqida Oʻzbekiston Futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulovga yoʻllagan xayrlashuv maktubida yozgan. Murabbiy shartnomada koʻzda tutilgan muddatdan oldin ishni yakunlashga majbur boʻlganidan afsusda ekanini bildirib, tushungani va isteʼfoni qabul qilgani uchun federatsiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Shu bilan birga, ispaniyalik mutaxassis bundan keyin ham milliy terma jamoaning chiqishlarini kuzatib borishini va uning jahon chempionatiga chiqishiga ishonishini taʼkidladi. U, shuningdek, zarur boʻlganda terma jamoaning boʻlajak murabbiylar shtabiga maslahat berishga tayyorligini bildirdi.
Mendes 2026 yilning martida ikki yillik shartnoma imzolab, Oʻzbekiston terma jamoasini yana boshqargan edi. Ilgari u milliy terma jamoa bilan 2011–2012 va 2014–2017 yillarda ishlagan. Uning qoʻl ostida oʻzbekistonlik futzalchilar 2014 yilda Osiyo kubogining bronza, 2016 yilda esa kumush medalini qoʻlga kiritishgan. Yangi bosh murabbiyning ismi hozircha eʼlon qilinmagan.
Yeslatib oʻtamiz, fevral oyida Oʻzbekiston Futzal federatsiyasi milliy terma jamoaning Osiyo kubogi – 2026 dagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan soʻng Nodir Yeliboyev boshchiligidagi terma jamoa murabbiylar shtabini isteʼfoga chiqargan edi.

