Futboldagi yangi qoida ilk bor Neymarga qo‘llandi

Neymar futbolning yangi qoidasi tufayli maydonni tark etgan birinchi futbolchi bo‘ldi.
Braziliya chempionatining 23-turida "Santos" safarda "Vasko da Gama"ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. San-Paulu klubi so‘nggi 20 daqiqada uchta gol urib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvdagi eng e’tiborli voqealardan biri Neymarning yangi qoida sabab bir daqiqaga maydonni tark etgani bo‘ldi.
"Santos" darvozaboni Gabriel Brazao o‘yin davomida tibbiy yordam so‘radi va shifokorlar maydonga chiqdi. Bosh hakam esa vaziyatni vaqtni cho‘zishga urinish sifatida baholadi.
Yangi qoidaga ko‘ra, darvozabonga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan paytda jamoa murabbiyi maydondagi futbolchilardan birini vaqtincha almashtirishi kerak. Agar 10 soniya ichida futbolchi tanlanmasa, jamoa sardori maydonni bir daqiqaga tark etadi. Shu sababli "Santos" sardori Neymar vaqtincha chetlatildi.
Mazkur qoida futbol uchrashuvlarida jarohat va tibbiy yordam bahonasida vaqt cho‘zilishining oldini olishga qaratilgan. U 2026-yilgi Jahon chempionatida qo‘llanila boshlangan va keyinchalik Braziliya chempionatiga ham joriy etilgan.
Qoidada ayrim istisnolar ham mavjud. Masalan, darvozabon jarima zarbasiga sabab bo‘lgan vaziyatda jarohat olsa, darvozabon va maydon futbolchisi to‘qnashib, ikkisiga ham tibbiy yordam kerak bo‘lsa yoki futbolchidan qon ketayotgan bo‘lsa, bir daqiqalik chetlatish qo‘llanmaydi.
Neymar esa uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi va "Santos"ning so‘nggi ikki golida bevosita ishtirok etdi. Ushbu g‘alabadan so‘ng jamoa 22 o‘yinda 25 ochko jamg‘arib, Braziliya chempionatidagi quyi liga zonasini tark etdi.

