Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasining JCh qit’alararo pley-off turniridagi raqiblari ma’lum bo‘ldi
O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi Papua Yangi Gvineya, Gana va Janubiy Afrika Respublikasi jamoalari bilan bahs olib boradi.

O‘zbekiston ayollar futbol terma jamoasining 2027-yilgi FIFA Jahon chempionati qit’alararo pley-off bosqichidagi raqiblari aniqlandi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi saralashning ushbu bosqichida Papua Yangi Gvineya, Gana va Janubiy Afrika Respublikasi terma jamoalari bilan kuch sinashadi.
Dastlabki bosqich 2026-yilning noyabr-dekabr oylarida yagona markazlashgan joyda o‘tkaziladi. Ushbu bosqich yakunida ikki jamoa final pley-off bosqichiga yo‘llanma oladi.
Hal qiluvchi pley-off bosqichi 2027-yil fevral oyida markazlashgan holda tashkil etiladi. Unda dastlabki bosqichdan chiqqan ikki jamoaga KONKAKAFdan ikkita, KONMEBOL va UYEFAdan bittadan jamoa qo‘shiladi.
Jami oltita milliy jamoa qur’a orqali uchta yo‘nalishga bo‘linadi. Har bir yo‘nalishda bittadan hal qiluvchi pley-off o‘yini o‘tkaziladi. Ushbu o‘yinlarda g‘alaba qozongan uchta jamoa ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati 2027-yil 24-iyundan 25-iyulgacha Braziliyada bo‘lib o‘tadi.

