Dunyo

FTB xodimlari maʼlumotlari sizib chiqqan boʻlishi mumkin

ShinyHunters hakerlik guruhi AQSH Federal qidiruv byurosining amaldagi va sobiq xodimlari hamda ishga kirish uchun ariza bergan shaxslarga oid maʼlumotlarni oʻgʻirlaganini bildirdi. FTB FBIjobs.gov sayti bilan bogʻliq ruxsatsiz faollik haqidagi xabarlar yuzasidan tergov olib borayotganini maʼlum qildi. Maʼlumotlar aynan byuroning ichki tizimlaridan olingani hozircha mustaqil tasdiqlanmagan.

FTB xodimlariga oid maʼlumotlar sizib chiqqan boʻlishi ehtimoli bor

DW xabariga koʻra, raqamli tovlamachilik bilan shugʻullanuvchi ShinyHunters guruhi 22-sentabr kuni darknetdagi saytida hamda Reuters bilan onlayn suhbatda FTBga kiberhujum uyushtirganini daʼvo qilgan.

Guruh bu harakatni FTBning 2026-yil may oyida eʼlon qilingan ogohlantirishiga javob deb atagan. Oʻsha xabarda xakerlarning ish uslublari batafsil tushuntirilib, tovlamachilarga pul toʻlamaslik tavsiya etilgan edi.

ShinyHunters oʻz bayonotida «deyarli barcha FTB agentlari va byuroga ishga kirish uchun ariza bergan shaxslar» haqidagi maʼlumotlarni qoʻlga kiritganini bildirgan. Biroq bu daʼvoning miqyosi tasdiqlanmagan.

Xakerlar dalil sifatida FTBning ishga qabul qilish uchun moʻljallangan FBIjobs.gov sayti oʻzgartirilganini koʻrsatuvchi skrinshotni taqdim etgan. Shuningdek, ular qariyb 5 ming agentga oid maʼlumotni oʻgʻirlangan bazaning bir qismi sifatida koʻrsatgan.

Reuters skrinshotning haqiqiyligini tekshira olmagan. Ammo agentlik sayt faoliyatida yaqinda uzilishlar boʻlganini qayd etgan.

FTBning 22-sentabrdagi xabarida FBIjobs.gov hamda maxsus agentlikka nomzodlar uchun moʻljallangan Special Agent Applicant Portal vaqtincha ishlamayotgani bildirilgan.

ShinyHunters taqdim etgan namunada FTB agentlarining ismlari, uy manzillari, ijtimoiy sugʻurta raqamlari, lavozimlari va ayrim hollarda oila aʼzolarining ismlari borligi aytilmoqda.

Reuters jurnalistlari taqdim etilgan maʼlumotlarni kredit byurolaridagi axborot va darknet maʼlumotlarini tahlil qiluvchi District 4 Labs kompaniyasida saqlanayotgan avvalgi sizib chiqishlarga oid maʼlumotlar bilan solishtirgan.

Kamida 10 ta holatda, jumladan, FTB direktori Kesh Patelga oid maʼlumotlarda mosliklar aniqlangan. Vaziyatdan xabardor manba agentlikka ayrim shaxslarning lavozimlari haqidagi maʼlumotlar ham toʻgʻri ekanini bildirgan.

Biroq Reuters bu maʼlumotlar qayerdan olinganini va ular hakerlar aytganidek, FTBning ichki tizimlaridan oʻgʻirlanganini aniqlay olmagan. Namunada maʼlumotlari keltirilgan shaxslar bilan bogʻlanishga urinishlar ham natija bermagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.