Frantsiyada yoʻlovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi, kamida 44 kishi jarohatlandi
Frantsiya transport vazirining maʼlum qilishicha, Normandiyadagi Ruan-Kan yoʻnalishida harakatlanayotgan poyezd bortida 180 nafar yoʻlovchi boʻlgan.

Frantsiyada yoʻlovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi, kamida 44 kishi jarohatlandi
Frantsiya politsiyasi Kleon kommunasi yaqinidagi halokat joyini oʻrab oldi.
Mahalliy rasmiylarning maʼlum qilishicha, Frantsiya shimolida yoʻlovchi poyezdi relsdan chiqib ketishi oqibatida kamida 44 kishi jarohatlangan, ulardan birining ahvoli ogʻir.
18 yoshli ayol ogʻir ahvolda vertolyotda shifoxonaga yetkazilgan.
Transport vaziri Filipp Tabaroning aytishicha, Normandiyadagi Ruan va Kan shaharlari oʻrtasida qatnayotgan poyezd bortida 180 nafar yoʻlovchi boʻlgan.
Uning soʻzlariga koʻra, juma kuni kechqurun Ruandan janubda joylashgan Kleon kommunasi yaqinida yuz bergan halokat joyiga 140 nafar oʻt oʻchiruvchi va boshqa qutqaruv guruhlari yuborilgan.
Poyezdning relsdan chiqib ketish sabablari hozircha aniq emas.
Mahalliy vaqt bilan soat 20:00 (Grinvich boʻyicha 18:00) dan sal oldin yuz bergan halokatdan soʻng rasmiylar koʻp sonli qurbonlar bilan ishlash boʻyicha favqulodda harakatlar rejasini ishga tushirdi.
Keyinroq olingan fotosuratlarda yoʻlovchilar relsdan chiqib ketgan poyezdni tark etayotgani aks etgan, Frantsiya OAVlari esa uchta vagon agʻdarilib ketgani haqida xabar bergan.
Frantsiya davlat temir yoʻl operatori SNCF ushbu hududdagi yoʻnalishlarda «jiddiy uzilishlar» boʻlayotganini va muqobil avtobuslar tashkil etilishini maʼlum qildi.
Rasmiylar aholini ushbu hududdan uzoqroq turishga chaqirdi.

