Fransuz tili o‘qituvchilariga 1,3 mln yevrolik pedagogik stipendiya ajratiladi

Fransuz tili o‘qituvchilariga 1,3 million yevro miqdorida pedagogik stipendiya ajratilishi rejalashtirilmoqda. Fransiyaning Frankofoniya instituti O‘zbekistonlik fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish maqsadida grant taqdim etadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, institut bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. Ushbu kelishuvga ko‘ra, 2030-yilgacha 1 410 nafar O‘zbekistonlik fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshirilishi rejalashtirilgan. Dastur doirasida har yili 300 nafargacha pedagog ishtirok etadi. Ustozlarning 910 nafariga jami 1,3 million yevro qiymatida bepul pedagogik stipendiya beriladi.
Tomonlar Allumer les étoiles dasturi doirasida ham o‘qituvchilar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash va Fransiyadan chet tili mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishadi.
Shuningdek, Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya institutining byurosi ochilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tuzilma fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshiruvchi mintaqaviy markaz sifatida faoliyat yuritadi. Avvalroq O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktablarga Canva kompaniyasining ta’lim platformasidan bepul foydalanish imkoniyati berilishi haqida xabar berilgan edi.

