Fransiyalik taniqli mutaxassis Senegal terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi

Fransiyalik mashhur mutaxassis Patrik Vieyra Senegal milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu 50 yoshli murabbiy uchun terma jamoa darajasidagi birinchi boshqaruv tajribasi bo‘ladi.
Futbol insayderi Fabritsio Romanoning ma’lumotlariga ko‘ra, Vieyra Senegal futbol federatsiyasi bilan shartnoma imzolagan va uning tayinlovi federatsiya tomonidan rasman tasdiqlangan. Mutaxassis darhol jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi.
Dakar shahrida tug‘ilgan Patrik Vieyra futbolchilik faoliyatining katta qismini Fransiya terma jamoasida o‘tkazgan. U 1998-yilgi Jahon chempionati va 2000-yilgi Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan jamoa a’zosi bo‘lgan.
Klub miqyosida Vieyra ayniqsa “Arsenal”dagi faoliyati bilan tanilgan. U London klubida ko‘p yillar o‘ynagan va 2003/04-yilgi mavsumda Angliya chempionatini mag‘lubiyatsiz yakunlagan jamoaga sardorlik qilgan.
Murabbiylik faoliyati davomida Vieyra “Nyu York Siti”, “Nitsa”, “Kristal Pelas”, “Strasburg” va “Jenoa” klublarini boshqargan. Uning so‘nggi ish joyi Italiyaning “Jenoa” klubi edi.
Vieyra Senegal terma jamoasida Pap Tiauning o‘rnini egalladi. Endilikda fransiyalik mutaxassis Jahon chempionatidan so‘ng yangi bosqichga qadam qo‘yayotgan Senegal terma jamoasiga rahbarlik qiladi.

