Fransiyada superkambek, Turkiya quyi ligaga tushib ketmoqda
Fransuzlar Belgiyaga qarshi oʻyinda 77-daqiqagacha ortda borayotgandi, keyin 13 daqiqa ichida 4 ta gol urishdi. Turklar qatorasiga toʻrtinchi oʻyinda ham yutqazdi.

Fransiyada superkambek, Turkiya quyi ligaga tushib ketmoqda
Millatlar ligasida yana 4 guruhda 4-tur bahslari oʻtkazildi.
Oliseda gollardan, Dueda assistlardan dubl
Fransiya – Belgiya 4:1
Lukebakio, 35 (0:1). Due, 77 (1:1). Sherki, 81 (2:1). Olise, 88 (3:1). Olise, 90+1 (4:1)
Millatlar ligasi terma jamoalar bosh murabbiylari uchun tajriba maydoni boʻlib qolmoqda. Guruh peshqadamligi uchun kechgan uchrashuvda ikki murabbiy ham deyarli hech kimga tanish boʻlmagan darvozabonlarni maydonga tushirdi: fransuzlar darvozasini «Tuluza» vakili Rest, belgiyaliklar darvozasini esa «RB Leypsig» futbolchisi Vandevordt qoʻriqladi.
Zidan shogirdlari darhol tashabbusni oʻz qoʻliga oldi va toʻp yoʻqotilganda kuchli pressing uyushtirdi. Mark van Bommel jamoasi esa past blokda himoyalandi. Mehmonlar faqat birinchi boʻlim oʻrtalarida raqib jarima maydoni ichida toʻp bilan ishlashga muvaffaq boʻldi va shu zahoti xavfli vaziyat yuzaga keldi. Biroq Raskinning bosh bilan yoʻllagan zarbasi biroz noaniq chiqdi.
Fransuzlar esa butun boʻlim davomida vaziyatlardan foydalanishda qiynaldi. Barkolya darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan ham foydalana olmadi. Tanaffus oldidan esa mehmonlar hisobda oldinga chiqib oldi. Fransuzlarning pressingi samara bermadi va Lavia maydonning ikkinchi qismidan toʻpni raqib himoyasi ortida ochilgan boʻsh hududga uzatdi, Lukebakio ofsayd chizigʻida harakatlanib toʻpga yetib bordi va darvozabonga imkon qoldirmadi.
Ikkinchi boʻlimda ham manzara oʻzgarmadi: mezbonlar bosimni kuchaytirdi, ammo himoyachilar va darvozabonni yenga olmadi. Shundan soʻng Zidan zaxira kuchlariga murojaat qilishga majbur boʻldi va birdaniga Olise, Sherki hamda da Kunya, keyinroq Due ham maydonga tushdi. Avvaliga Vandevordt seyvlar qilishda davom etdi, biroq Fransiya toʻrt daqiqa ichida oʻyinni butunlay oʻzgartirib yubordi.
Due jarima maydoni tashqarisida Da Kunyadan toʻpni qabul qilib olib, olis burchakka yerlatib zarba berdi va hisobni tenglashtirdi.

