Fransiyada Shamonda virusi ilk bor insonda aniqlandi
Fransiyada odatda yirik shoxli qoramollarda uchraydigan Shamonda virusi bilan odamning zararlanishi bo‘yicha birinchi holat tasdiqlandi. Bemor vafot etgan, biroq mamlakat rasmiylari bu 'favqulodda istisno holat' ekanini va aholiga hech qanday xavf yo‘qligini ta’kidladi.

Fransiyada Shamonda virusi odamda ilk bor aniqlangani ma’lum qilindi
Fransiya hukumati tarixda birinchi marta Shamonda (Shav) virusi insonga yuqqanini bildirdi. Bemor oktabr oyi boshida kasalxonada vafot etgan, deb yozmoqda.
Shamonda ortobunyaviruslar turkumiga kiradi. U asosan yirik shoxli qoramollarga zarar yetkazadi va mayda chivinlar (mokretslar) chaqishi orqali yuqishi mumkin. Bu kasallik qo‘ylar, echkilar, alpakalar va otlarda ham qayd etilgan. Virus mollarda kuchli ich ketishi, isitma, holsizlik va sut berishning keskin kamayishiga olib keladi.
Mazkur virus ilk bor 1960-yillarda Nigeriyada aniqlangan, keyinchalik Osiyoda tarqalgan, o‘sha yilning yozida esa Yevropada ham qayd etilgan. Shu paytgacha Shamonda virusi odamga yuqmaydi, deb hisoblab kelinardi.
Fransiya Sog‘liqni saqlash va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari dastlabki ma’lumotlarga tayangan holda, vafot etgan bemorga virus mamlakat sharqida, hayvonlar orasida virus tarqalgan hududda mayda chivin chaqishi oqibatida yuqqanini ma’lum qildi.
Rasmiylar buni “favqulodda istisno holat” deb atadi, chunki bemorda og‘ir immunitet tanqisligi bo‘lgan va u Liondagi shifoxonada “jiddiy kasallik”dan davolanayotgandi. Unda katta ehtimol bilan Shamonda virusi bilan bog‘liq nevrologik asoratlar rivojlangan. Vazirliklar bemorning immunitet tizimi o‘ta zaiflashgani uni infeksiyaga nisbatan ta’sirchan qilib qo‘yganini qayd etdi. Shuningdek, idoralar keng aholi qatlami uchun hech qanday xavf yo‘qligini alohida ta’kidladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo‘yicha Yevropa markazi (ECDC) vaziyat rivojini kuzatib borayotganini ma’lum qildi.
JSST hozircha rasmiy xavf baholashi o‘tkazilmaganini, biroq mavjud ma’lumotlar va shunga o‘xshash kasalliklarni o‘rganish tajribasi bu yakka tartibdagi holat ekanini hamda “ayni paytda virusning keng tarqalishi ehtimoli juda past” ekanini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
“Bundan tashqari, mayda chivinlar tashuvchi viruslarning tarqalish qobiliyati, odatda, yilning sovuq fasllarida sezilarli darajada pasayadi”, — deya qo‘shimcha qildi JSST.

