Fransiyada o‘quvchilar bosh ko‘tardi: 440 kishi qo‘lga olindi, maktablar yoqib yuborilmoqda
O‘tgan hafta o‘qituvchilar va sinfxonalar yetishmasligi, maktab sharoitlarining yomonligi va o‘quvchilarning og‘ir ish yuklamasiga qarshi

Fransiyada o‘quvchilar bosh ko‘tardi: 440 kishi qo‘lga olindi, maktablar yoqib yuborilmoqda
Fransiyada dars yuklamalaridan norozi bo‘lgan o‘quvchilarning norozilik aksiyalari tobora ko‘proq shaharlarga yoyilib, vandalizm va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib bormoqda, deb xabar beradi BBC.
1-oktyabr kuni Parijda hujumchilar maktab direktori ustiga benzin sepib, kamida ikkita maktabga o‘t qo‘yishdi.
Marsel politsiyasining ma’lum qilishicha, payshanba kuni yuzlab yoshlar Sent-Ekzyuperi litseyida yong‘inni o‘chirish uchun kelgan o‘t o‘chirish mashinasini yoqib yuborishgan. Prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, Marseldagi yana bir Viktor Gyugo litseyida direktorga hujum qilinib, u jarohat olgan.
Fransiyaning g‘arbiy qismidagi Nant shahrida ham namoyishchilar maktabga o‘t qo‘yib, maktab yo‘lagini butunlay vayron qilishdi.
Mamlakat shimolidagi Lillda o‘quvchilar axlat konteynerlaridan to‘siqlar qurib, ularni yoqib yuborishdi, Strasburgda esa maktab yaqinidagi axlat konteynerlari ham yoqib yuborildi. Dijonda esa politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘z yosh oqizuvchi gaz ishlatdi.
O‘tgan hafta o‘qituvchilar va sinfxonalar yetishmasligi, maktab sharoitlarining yomonligi hamda o‘quvchilarning og‘ir ish yuklamasiga qarshi butun mamlakat bo‘ylab maktablarda norozilik namoyishlari boshlangan edi. So‘nggi kunlarda universitet talabalari ham bu aksiyalarga qo‘shildi. Fransiya rasmiylariga ko‘ra, yoshlar namoyishlari vandalizm va politsiya bilan zo‘ravon to‘qnashuvlarga aylanib ketgan. O‘z navbatida, talabalar politsiyani zo‘ravonlikda ayblamoqda.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirga qadar 440 kishi hibsga olingan, ularning aksariyati voyaga yetmaganlar, 48 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimi esa jarohat olgan.
Ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, norozilik namoyishlari yoki ular bilan bog‘liq tartibsizliklar mamlakat bo‘ylab 400 dan ortiq maktabga ta’sir ko‘rsatgan.
Uchrashuvdan keyin rasmiylar norozilik namoyishlari tartibsizliklarga aylanib ketganini bildirishdi. Ba’zi maktablar masofaviy o‘qitishga o‘tadi. Adliya vazirligiga hodisalar uchun javobgar shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish topshirildi.

