Fransiyada oʻquvchilar noroziligi: 5 mingdan ortiq kishi ushlandi
Fransiyada oʻquvchilar namoyishlari boshlanganidan buyon 5 mingdan ortiq kishi ushlangan. Ichki ishlar vazirligiga koʻra, ularning qariyb 85 foizi voyaga yetmaganlar, aksariyati esa maktab oʻquvchilaridir. Ish tashlashlar va kirish yoʻllarini toʻsish harakatlari mamlakatdagi 564 ta oʻrta maktabni qamrab olgan.

**Fransiyada oʻquvchilar noroziligi: 5 mingdan ortiq kishi ushlandi**
DW xabariga koʻra, Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunes 2-oktabr kuni TF1 telekanali efirida namoyishlar chogʻida ushlanganlar soni haqida maʼlumot bergan.
Taʼlim vazirligi esa mamlakatdagi 3 700 ta oʻrta maktabdan 564 tasida ish tashlashlar va toʻsib qoʻyish holatlari qayd etilganini bildirgan.
Taʼlim vaziri Eduar Jeffrening BFMTV efirida aytishicha, tartibsizliklar oqibatida 65 nafar maktab xodimi, jumladan, 40 nafar direktor jarohat olgan. Yuzdan ortiq maktab binosiga zarar yetkazilgan.
Vazir namoyishlarning kengayishini ijtimoiy tarmoqlar bilan bogʻladi.
Ichki ishlar vaziri norozilik harakatlarining koʻlamini katta va kutilmagan deb baholagan.
U namoyishlarning tez yoyilishini, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar hamda oʻquvchilar chiqishlarini qoʻllab-quvvatlayotgan soʻl populistik «Boʻysunmas Fransiya» partiyasi taʼsiri bilan izohlagan.
Nunesning taʼkidlashicha, zoʻravonlik bilan bogʻliq vaziyat tashkilotchilar nazoratidan butunlay chiqib ketgan.
**Belforda politsiyachiga hujum qilindi**
2-oktabr kuni Fransiya shimoli-sharqidagi Belfor shahrida olingan video keng eʼtiborni tortgan. Unda politsiya xodimini yerga yiqitib, tepkilashayotgani aks etgan.
Ichki ishlar vazirining maʼlumotiga koʻra, politsiyachi hujum oqibatida hushini yoʻqotgan va shifoxonaga yotqizilgan. Keyinroq uning ahvoli jiddiy xavotir uygʻotmayotgani bildirilgan.
Hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Belfor prokurori tergov doirasida 17 yoshli oʻsmir ushlanganini maʼlum qilgan. Biroq uning hujumdagi aniq roli hozircha belgilanmagan.
**Oʻquvchilar nimadan norozi?**
Dastlabki norozilik aksiyalari 21-sentabr kuni Parij yaqinidagi Kretey shahrining Sent-Ekzyuperi litseyida boshlangan. Keyin ular mamlakat boʻylab tarqalgan.
Yuqori sinf oʻquvchilari sinflarda oʻquvchilar haddan tashqari koʻpligi, oʻqituvchilar yetishmasligi va taʼlim muassasalarining yomon holatidan norozi. Shuningdek, ular dars jadvali haddan tashqari tigʻiz ekanini aytmoqda.

