Fransiya ortidan Italiyada ham ommaviy tartibsizliklar sodir boʻldi
17-oktabr kuni Italiyada turmush kechirish qiymatining yuqoriligi, yoqilgʻi narxlari va soliqlarga qarshi boʻlib oʻtgan namoyishlar ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketdi.

Fransiyadan keyin Italiyada ham ommaviy tartibsizliklar yuz berdi
Qora kiyimdagi yuzlab yoshlar shahar markazida politsiyachilarga qoʻlbola yonuvchi vositalar, metall toʻsiqlar va shishalar uloqtirdi. Kuchishlatar tuzilmalar namoyishchilarni tarqatish uchun koʻzdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalandi, biroq oxir-oqibat chekinishga majbur boʻldi.
Shundan keyin namoyishchilar Pyatssa-del-Duomo markaziy maydonini egallab oldi.
Toʻqnashuvlar natijasida oʻnlab odamlar jarohatlandi, 60 kishi qoʻlga olindi. Ularning yarmi voyaga yetmaganlar edi.
Turin, Bolonya va Bergamo shaharlaridagi tartibsizliklar chogʻida namoyishchilar politsiyachilarga toshlar va petardalar otdi.
Bosh vazir Jorja Meloni tartibsizliklarni qoralab, namoyish oʻtkazish huquq ekanini, ammo shaharlarga oʻt qoʻyib boʻlmasligini taʼkidladi.
«Bugun tinch namoyishlarda qatnashgan minglab kishilarga katta hurmat bilan qarayman. Biroq Italiya shaharlari maydonlarida sodir boʻlgan voqealarni eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydi. Milanda ushbu kadrlarda koʻrinib turganidek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga toshlar otildi; politsiya xodimlari orasida jarohatlanganlar bor, tartibsizliklar va zoʻravonliklar esa yurishni toʻxtatishga majbur qildi. Turinda vitrinalarni sindirish uchun yonida toshlar va bolgʻalar olib yurgan shaxslar qoʻlga olindi. Bolonyada esa tartibsizliklar sababli ehtiyot chorasi sifatida temiryoʻl vokzalini yopishga toʻgʻri keldi», - deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻida Milanning markaziy maydonidagi namoyishlar aks etgan videolavhalarni joylashtirib.
17-oktabr kuni Fransiyada ommaviy namoyishlar boʻlib oʻtdi — yoshlar yashash narxi oshishiga qarshi hamda maktablarda oʻqish sharoitlarini yaxshilash va oliy oʻquv yurtlariga kirishning hozirgi tizimini bekor qilish uchun koʻchalarga chiqdi.
Aksiyalarda 500 mingdan 800 minggacha aholi qatnashganligi aytilmoqda.
Norozilik aksiyalari keng koʻlamli tartibsizliklar va talonchiliklar bilan kechgan. Politsiya bilan toʻqnashuvlar yuzaga kelgan, namoyishchilarga qarshi koʻzdan yosh sizdiruv gaz va suv purkagichlar qoʻllangan. Butun mamlakat boʻylab mingdan ortiq kishi qoʻlga olingan.

