Fransiya hukumati nima uchun tartibsizliklarga tayyor emasdi va vaziyatni qanday nazoratga olmoqchi?
Dushanbadan Fransiyada oʻquvchi va talabalar kuzgi taʼtilga chiqishdi. Hukumat sentabr oxiridan buyon davom etayotgan namoyishlarda tanaffus boʻlishidan umid qilmoqda. Biroq 5-noyabr kuni yangi yirik norozilik namoyishlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Fransiya hukumati va prezident Emmanyuel Makron qanday yoʻl tutishi mumkin?

Fransiya hukumati nima uchun tartibsizliklarga tayyor emasdi va vaziyatni qanday nazoratga olmoqchi?
17-oktabr kuni boʻlib oʻtgan ommaviy namoyishlar tartibsizliklar, oʻt qoʻyish va doʻkonlarni talon-toroj qilish bilan yakunlangach, vaziyat nazoratdan chiqib ketganini tan olgan mamlakat ichki ishlar vaziri Loran Nunes isteʼfoga chiqishga urindi. Ammo prezident uning isteʼfosini qabul qilmadi. Aksincha, vazirga Fransiya shaharlari koʻchalarida xavfsizlikni kuchaytirish va tartibsizliklar aybdorlarini javobgarlikka tortish choralarini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Fransiya bosh vaziri Sebasten Lekornyu dushanba kuni mamlakatning ayrim hududlarida merlarga zarurat tugʻilganda qisman komendantlik soati joriy etish vakolati berilganini bildirdi.
Kechga borib, bir nechta shaharda hokimiyat vakillari bu vakolatdan foydalangani maʼlum boʻldi. Parijda Respublika maydoni va Les Halles savdo markazi hamda yirik transport tuguniga tutash koʻchalarda mahalliy vaqt bilan soat 23:00 dan 06:00 gacha barcha yoshdagilar uchun komendantlik soati eʼlon qilindi.
Lion markazida soat 22:00 dan 06:00 gacha namoyishlar va ommaviy yurishlar taqiqlandi. Lill va Nitssa shaharlari markazlarida esa voyaga yetmaganlarning koʻchaga chiqishi taqiqlandi.
Lekornyuning aytishicha, hududiy hokimiyat vakillari tartibsizliklar paytida politsiya oʻz ishini qanday tashkil etgani haqida savollar bermoqda. Ular vaziyat nima sababdan nazoratdan chiqib ketganini bilmoqchi.
Bosh vazirning qoʻshimcha qilishicha, oʻtgan dam olish kunlaridagi tartibsizliklar vaqtida qoʻlga olinganlarning 80 foiziga nisbatan jinoiy ayblovlar qoʻyiladi. U koʻchalardagi tartibsizliklarda «oʻta soʻl radikallar»ni aybladi.
Uning soʻzlariga koʻra, hukumat zarar koʻrgan hududlarni tiklash uchun mablagʻ ajratadi va bu xarajatlar tartibsizliklarni keltirib chiqarganlar zimmasiga yuklatiladi.
«Mulkka zarar yetkazgan shaxslar moliyaviy javobgarlikka tortilishini taʼminlaydigan qonun qabul qilinadi», - dedi Lekornyu.
Bundan tashqari, bosh vazir tartibsizliklar va talon-torojliklar sabab oʻz vazifalarini bajara olmayotgan xodimlarni qoʻllab-quvvatlash uchun jamgʻarma tashkil etilishini eʼlon qildi.
Yakshanba kuni prezident Emmanyuel Makron xalqqa telemurojaat qilib, milliy birlikka chaqirdi va Fransiya jamoatchiligini zoʻravonlik harakatlarini sodir etganlar jazolanishiga ishontirishga urindi.

