FQBning sobiq rahbari Jeyms Komi uchinchi bor federal ayblovlarga duch kelmoqda
Komining advokatlariga koʻra, ushbu ish 2016 yilda New York Times nashriga mahfiy maʼlumotlar oshkor qilingani bilan bogʻliq.

Sud hujjatiga koʻra, FQBning sobiq direktori Jeyms Komiga milliy mudofaaga oid maʼlumotlarni sizdirganlik aybi qoʻyildi.
Bu Adliya vazirligining uzoq vaqtdan beri prezident Donald Trampni tanqid qilib kelayotgan Komiga qarshi jinoiy ayblov eʼlon qilishi bilan bogʻliq uchinchi holatdir.
Uch sahifali sud hujjatida ikkita ayblov moddasi haqida kam maʼlumot berilgan, ammo Komining advokatlari alohida sud hujjatlarida ushbu ish u FQBni boshqarib turgan 2016 yilning oktyabr oyida New York Times nashriga mahfiy maʼlumotlarni sizdirganlikda ayblanayotgani bilan bogʻliqligini aytgan.
Komi dushanba kuni Substack platformasida joylashtirilgan videoda ayblovlarni "daxshatli suiisteʼmolchilik" deb taʼriflab, qonunbuzarlikka yoʻl qoʻyganini inkor etdi.
"Agar bu Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilgan va biz koʻz yuma olmaydigan dahshatli suiisteʼmolchilik boʻlmaganida, bu deyarli kulkili tuyulgan boʻlardi", dedi u videolavhada.
"Menda hech narsa oʻzgargani yoʻq — men hamon aybsizman, hamon bu odamlardan qoʻrqmayman va hamon mustaqil federal sud tizimiga ishonaman."
Uning advokati Patrik Fitsdjerald oʻz bayonotida prokurorlarning ikkita alohida jamoasi oʻn yil oldin, Trampning birinchi maʼmuriyati davrida New York Times nashriga maʼlumot sizdirilgani bilan bogʻliq holatni oʻrganib chiqqanini aytdi.
"Ikkala safar ham Hukumat hech kimga qarshi ayblov ilgari surilmasligi kerak, degan qarorga kelgan edi", dedi u.
Advokatning taʼkidlashicha, sud hujjatida "janob Komi sodir etmagan jinoyatlarda ayblanmoqda".

