Foto: Qoraqalpog‘istonda ilk bor 100 km masofali Aral Ultra ultramarafoni bo‘lib o‘tdi
Qoraqalpog‘istonda Aral Ultra xalqaro ultramarafoni o‘tkazildi. Bu O‘zbekiston tarixidagi ilk 100 km masofali yugurish bo‘ldi. Yo‘nalish Ustyurt platosi orqali Orol dengizi sohiligacha davom etdi. Ultramarafon doirasida Nukus shahrida ekskursiyaviy yugurish musobaqalari va plogging ham o‘tkazildi. Foto.

Foto: Qoraqalpog‘istonda ilk bor 100 km masofali Aral Ultra ultramarafoni o‘tkazildi
1−3-oktabr kunlari Qoraqalpog‘istonda Samarkand Marathon turkumiga kiruvchi Aral Ultra 2026 xalqaro ultramarafoni bo‘lib o‘tdi.
Tashkilotchi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu yugurish musobaqasi O‘zbekiston tarixidagi ilk 100 km masofali ultramarafon bo‘ldi. Yo‘nalish Ustyurt platosi bo‘ylab o‘tib, Orol dengizi sohilida yakunlandi.
Aral Ultra marafonida jami 757 kishi, jumladan 13 ta mamlakatdan kelgan sportchilar qatnashdi. Chet ellik ishtirokchilar orasida Rossiya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Tojikiston, Mo‘g‘uliston, Andorra, Serbiya, Fransiya, Turkiya va Belarus vakillari bor edi. Ishtirokchilarning 36 foizini ayollar, 64 foizini erkaklar tashkil etdi.
Nukusda tadbir doirasida bolalar uchun Kids run yugurish musobaqasi, kattalar uchun 2 km masofa, eskursiyaviy yugurishlar va ploggingni o‘z ichiga olgan ochiq dastur tashkil etildi.
2 km masofaga yugurishda 333 kishi qatnashdi, yana 94 nafar bola Kids run startiga chiqdi.
Asosiy yugurish musobaqasi 3-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga treylranning formatida 100 km, 50 km, 25 km va 15 km masofalar taklif qilindi. To‘rtta masofa ham turli vaqtlarda start olib, Orol dengizi bo‘yidagi yagona nuqtada yakunlandi.
Soat 04:00 da 100 km, 11:00 da 50 km, 15:00 da 25 km va 16:30 da 15 km masofa ishtirokchilari start oldi.
Jami 270 nafar ishtirokchi marraga yetib keldi: 100 km masofada 25 kishi, 50 km da 24 kishi, 25 km da 99 kishi va 15 km da 122 kishi. Sportchilarga kuchli shamolga qarshi yugurishga to‘g‘ri keldi, masofaning o‘rtasi va oxirida esa biroz yomg‘ir yog‘di.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, Aral Ultra finish chizig‘i har yili Orol dengizi bilan birga o‘zgarib boradi. Shuningdek, musobaqa Xalqaro treylranning assotsiatsiyasi (ITRA) kalendariga kiritilgan bo‘lib, ishtirokchilar masofalarni bosib o‘tgani uchun ballar oldi.

