Layfstayl

Foto: Barsakelmesda ikkinchi bor YONAR boʻlib oʻtdi. Shoʻrxokdagi art-lager qanday oʻtdi?

Qoraqalpogʻistondagi Barsakelmes shoʻrxokida ikkinchi YONAR — Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlardan 70 nafar ishtirokchini jamlagan art-lager boʻlib oʻtdi. Ular uch kun davomida oʻz kuchlari bilan qurilgan vaqtinchalik «shaharcha»da yashab, performanslar namoyish etishdi va installyatsiyalar yaratishdi. Bu qanday boʻlgani — Feruz Rustamov fotosuratlarida.

Foto: Barsakelmesda ikkinchi bor YONAR boʻlib oʻtdi. Shoʻrxokdagi art-lager qanday oʻtdi?

17-19 sentyabr kunlari Qoraqalpogʻistondagi Barsakelmes shoʻrxokida ikkinchi bor YONAR — kontseptual jihatdan AQShning Nevada shtatidagi Blek-Rok choʻlida oʻtkaziladigan Burning Man xalqaro festivalini eslatuvchi art-lager va vaqtinchalik ijodiy qoʻnimgoh boʻlib oʻtdi. Uni Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi koʻmagida «Stixiya» elektron musiqa, sanʼat va fan festivali jamoasi tashkil etdi.

Bu yil YONAR mavzusi tushlar, syurrealizm va voqelik bilan tasavvur oʻrtasidagi borliqqa bagʻishlandi. Tashkilotchilarning soʻzlariga koʻra, Barsakelmesning oʻzi «deyarli cheksiz oq kenglik va ufqi» bilan badiiy ifodalar va art-loyiha ishtirokchilari uch kun davomida yashagan va oʻzlari uchun oʻzlari qurgan vaqtinchalik ijodiy qoʻnimgoh — «Oq tuz shahri» (White Salt City)ni yaratish uchun ideal joy boʻlib chiqdi.

Ikkinchi YONAR’da Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston, Qozogʻiston, Rossiya, Turkiya, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya va Portugaliyadan 70 kishi ishtirok etdi. Ular orasida rassomlar, musiqachilar, arxitektorlar, dizaynerlar, tadqiqotchilar, IT-mutaxassislari va tadbirkorlar bor edi.

Ijodiy qoʻnimgoh hayoti oʻzaro yordam va har bir ishtirokchining umumiy makonga qoʻshgan hissasi — art-obʼyektlarni yaratish va oʻrnatish, taom tayyorlash, musiqiy sessiyalar yoki boshqa faoliyatlarni tashkil etish atrofida qurildi. Bu safar qoʻnimgoh aʼzolari varraklar uchirishdi, astronomiya klubi bilan birgalikda tungi osmonni kuzatishdi va performanslar uyushtirishdi.

Barsakelmesda Rustam Zohidov, Ruslan Yoʻldoshev, Anatoliy Babaxanyan, Ravshan Bobojonov, Said Isayev, Otabek Sulaymonov va Derya Ojal (Turkiya) tomonidan yaratilgan art-obʼyektlar paydo boʻldi. Bular — «Molekula», Android, «Onalik kubi», «Qizil parallelepiped», «Chayon» va «Mars». Ikkita installyatsiyaning ramziy ravishda yoqib yuborilishi tadbirning yakuniy akkordi boʻldi.

YONAR’ning oʻziga xos xususiyati — hududda tijorat savdosi va brendlarning yoʻqligi, shuningdek, leave no trace (iz qoldirmaslik) tamoyiliga amal qilinishidir: odamlar ketganidan keyin shoʻrxok ishtirokchilar kelishidan oldin qanday boʻlsa, shundayligicha qolishi kerak. Loyihaning yakuniy hisobotida hudud vaqtinchalik infratuzilma va maishiy chiqindilardan toʻliq tozalangani qayd etilgan. White Salt City goʻyoki hech qachon mavjud boʻlmagandek gʻoyib boʻldi.

YONAR jamoasi keyingi yilda Barsakelmesga qaytishni vaʼda qilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.