Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilar Trampdan norozi
Eron bilan tinchlik bo‘yicha kelishuv bo‘lmayotgani tufayli arab davlatlari Amerika bazalarini chiqarib yuborish haqida o‘ylamoqda.

Fors ko‘rfazi mamlakatlari Vashingtondan tobora norozi bo‘lmoqda, chunki ittifoqchilar Donald Trampning Eron bilan kelisha olmayotganidan xavotirda, deb yozadi The Washington Post mintaqadagi va g‘arbdagi rasmiylarga tayanib.
WP manbalariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvayt va Bahrayn endi Tramp ma’muriyatining harakatlaridan «birdek g‘azablanmoqda».
«Urushni Tramp boshladi, to‘lovini esa biz qilyapmiz», – deya qayd etgan Fors ko‘rfazidagi mamlakatlardan birining rasmiysi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShga nisbatan g‘azab 2026-yil fevralida Eron bilan urush boshlanganidan buyon eng yuqori nuqtaga yetgan.
Kuchayib borayotgan norozilik ba’zi mamlakatlarni «hamkorlikning yangi variantlari»ni ko‘rib chiqishga va AQSh harbiy bazalarini o‘z hududlarida joylashtirish qanchalik maqsadga muvofiq ekanini ko‘rib chiqishga undamoqda. Ammo hozircha Vashington Fors ko‘rfazi mamlakatlari uchun xavfsizlik masalasida asosiy hamkor va asosiy qurol yetkazib beruvchi bo‘lib qolmoqda, ularda esa real muqobil yo‘q, deb yozadi WP.
Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan birining vakiliga ko‘ra, ular uchun yagona variant Vashington bilan ittifoqlarini mustahkamlashdir. «Biz nima qilsak ham, Qo‘shma Shtatlarga „yo‘q“ deya olmaymiz», – deydi u.
Biroq, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘tgan hafta imzolagan kollektiv mudofaa shartnomasi AQSh uchun signal bo‘ldi. Yevropalik yuqori martabali mulozimning so‘zlariga ko‘ra, bu uch davlat shu tariqa «xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlik munosabatlarini diversifikatsiya qilmoqchi».
Oq uy vakili Tramp Fors ko‘rfazidagi barcha hamkorlar bilan «o‘ta yaxshi» munosabatlarga egaligini aytdi. U «Eron o‘z terrorchilik harakatlari natijasida har qachongidan ham ko‘proq yakkalanib qolgani»ni ta’kidlagan.
Qatar va Bahraynda Amerikaning yirik bazalari mavjud. So‘nggi oylar mobaynida ular bir necha marta Eron hujumlari uchun nishonga aylandi.
18-iyun kuni AQSh va Eron harbiy harakatlarni 60 kunga to‘xtatish va urushni yakunlash bo‘yicha asosiy muzokaralarni boshlashni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagandi. Biroq tez orada harbiy harakatlar qaytadan boshlanib ketdi va tomonlar bir-birini sulhni buzishda ayblab kelmoqda.
Tramp muntazam ravishda Eron bilan muzokaralarda oldinga siljish borligini aytadi, ammo amalda rivojlanish yo‘q. CNN o‘z manbalariga tayanib, Amerika harbiylari Eronga bosim o‘tkazishning yangi «kreativ» usullarini izlayotganini va bu so‘rov Trampning Islom Respublikasini kelishuvga majburlash imkoniyatlari cheklanganini ko‘rsatishini yozgandi.

