Finlyandiya Fransiyaning Yevropada yadroviy tiyib turish tashabbusiga qo‘shiladi

Finlyandiya Fransiyaning Yevropada yadroviy tiyib turish tashabbusiga qo‘shiladi
Finlyandiya Fransiya tomonidan ilgari surilgan yadroviy tiyib turish loyihasiga qo‘shilish haqida qaror qabul qildi.
“Fransiya Yevropadagi yadroviy davlatlardan biri bo‘lib, qit’a mudofaasini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Finlyandiyaning Fransiya tashabbusiga qo‘shilishi ikki davlat o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikni sezilarli darajada kuchaytiradi va mamlakat xavfsizligini yanada mustahkamlaydi. Bunday qadam o‘z-o‘zidan tushunarli, chunki yaqin ittifoqchilarimiz — Norvegiya, Shvetsiya va Daniya — mazkur tashabbusga allaqachon qo‘shilgan”, dedi Finlyandiya mudofaa vaziri.
Mamlakat prezidenti Aleksandr Stubb ushbu kelishuvga munosabat bildirar ekan, Finlyandiya tinchlik davrida o‘z hududida yadroviy qurol joylashtirmasligini ta’kidladi. Uning izohiga ko‘ra, Fransiya tashabbusi NATOning yadroviy tiyib turish siyosati faoliyatiga xalaqit bermaydi va uning vazifalarini takrorlamaydi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parij boshchiligidagi Yevropa “yadroviy soyaboni” loyihasi haqida ilk bor 2025-yil mart oyida ma’lum qilgandi.
Fransiya — Yevropa Ittifoqida yadroviy qurolga ega yagona davlat.
Oradan bir yil o‘tib, Makron Parij yadroviy kallaklar sonini oshirishini, bundan buyon esa mamlakat yadroviy arsenalining aniq hajmi haqida ma’lumot bermasligini bildirdi.
Ushbu tashabbus doirasida Yevropa davlatlari o‘z hududida Fransiyaning yadroviy qurol tashishga mo‘ljallangan samolyotlarini joylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq “Yadroviy soyabon” loyihasiga Belgiya, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Niderlandiya, Polsha, Norvegiya va Shvetsiya, shuningdek, o‘z yadroviy quroliga ega Buyuk Britaniya ham qo‘shilgandi.

