Finlandiya rossiyalik sayyohlar uchun Yevropa eshigini yopishga chaqirdi
Finlandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen Rossiya Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan bir paytda rossiyaliklarga Yevropa Ittifoqi turistik vizalarini berishni toʻxtatishga chaqirdi. U YEI davlatlarini bu masalada birgalikda harakat qilishga undadi.

Finlandiya rossiyalik sayyohlar uchun Yevropa eshiklarini yopishga chaqirdi
DW xabariga ko‘ra, Valtonen 12-oktabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida boshqa a’zo davlatlarni Yevrokomissiyaga yo‘llagan murojaatiga qo‘shilishga taklif qilganini ma’lum qildi.
«Ularning mamlakati ukrainaliklarning uylarini bombalayotgan bir paytda rossiyaliklarning Yevropaga kelib, bu yerdagi turmush tarzi va erkinliklardan bahramand bo‘lishi noto‘g‘ri», - degan vazir.
Valtonen Finlandiya 2022-yildayoq rossiyaliklarning zarur bo‘lmagan safarlari uchun viza berishni taqiqlaganini ta’kidlab, xuddi shunday chora YEI miqyosida ham qo‘llanishi kerakligini aytgan.
U, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin doirasidagi shaxslarga Shengen vizalarini berishni taqiqlash va rossiyalik sportchilarga viza berishni cheklashni taklif qilgan. Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan rossiyaliklarga viza berish taqiqini samarali qo‘llashga ham chaqirgan.
Rossiya fuqarolariga nisbatan viza siyosatini qat’iylashtirish haqida avval ham takliflar bildirilgan. Sentabr oyida YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Moskvaning «gibrid hujumlari»ga javoban cheklovlarni kuchaytirish, jumladan, turistik vizalar sonini kamaytirish zarurligini aytgan.
Estoniya esa Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan sobiq rossiyalik harbiylarga viza berishni taqiqlash tashabbusini ilgari surgan. Keyinchalik bu chorani Boltiqbo‘yi va Shimoliy Yevropaning boshqa davlatlari ham qo‘llab-quvvatlagan.
Iyun oyida bir guruh YEI davlatlari rossiyaliklarga turistik viza berishni to‘xtatish bo‘yicha qo‘shma chaqiriq bilan chiqqan. Ular imzolagan xatda 2025-yilda Rossiya fuqarolariga Shengen hududidagi 29 mamlakatga safar qilish uchun 470 mingta viza berilgani qayd etilgan. AFP agentligiga ko‘ra, ularning ko‘pi ko‘p martalik kirish huquqini bergan.
Avstriya parlamenti saytida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, 14-oktabr kuni YEI Kengashida Rossiyaga nisbatan viza siyosatini muhokama qilish rejalashtirilgan.

