Dunyo

Fillar nega 2000 metr balandlikka chiqmoqda? Tanzaniyada ular uchun yoʻlak muhofazaga olindi

Tanzaniyada yuzlab fillar ozuqa va minerallar izlab, Udzungva togʻlarining qariyb ikki ming metr balandlikdagi yonbagʻirlariga koʻtariladi. Ularning koʻchish yoʻlini saqlab qolish uchun 14 kilometrlik tabiiy yoʻlak qonuniy muhofazaga olindi. Loyiha doirasida 368 yer egasi kompensatsiya evaziga yerlarining bir qismini ajratdi.

Fillar nega 2000 metr balandlikka chiqmoqda? Tanzaniyada ular uchun yoʻlak muhofazaga olindi

Afrika savanna fillari quruqlikdagi eng yirik sutemizuvchilar hisoblanadi. Ularni tik va oʻrmon bilan qoplangan togʻ yonbagʻirlarida tasavvur qilish qiyin. Shunga qaramay, A-Z Animals nashri xabariga koʻra, Tanzaniyada mingtagacha fil Udzungva togʻlariga chiqib turadi.

Bunga sabab — ozuqa va suvning mavsumga qarab turli hududlarda oʻzgarib turishidir. Qariyb ikki ming metr balandlikda oʻsadigan bambuk qurgʻoqchilik davrida fillar uchun ishonchli ozuqa manbaiga aylangan. Togʻlardagi tabiiy tuzli joylar esa hayvonlarni zarur minerallar bilan taʼminlaydi.

Fillar oʻnlab yillar davomida koʻchish paytida Kilombero vodiysidan oʻtib kelgan. Ammo bu hududda qariyb 50 yildan beri qishloq xoʻjaligi yerlari mavjud boʻlib, hayvonlarning harakat yoʻlini saqlab qolish uchun mahalliy aholi bilan kelishuvga erishishga toʻgʻri kelgan.

2025-yil aprelida Tanzaniya hukumati Nyerere - Udzungva yoʻlagini mamlakatdagi qonun bilan muhofaza qilinadigan birinchi yovvoyi tabiat koridori sifatida tasdiqladi. Uning uzunligi taxminan 14 kilometr, eni esa 200 metrni tashkil etadi.

Yoʻlak Nyerere milliy bogʻi va Magombero oʻrmon qoʻriqxonasini Udzungva-Mauntins milliy bogʻi bilan bogʻlaydi. Bu hayvonlarga muhofaza etiladigan hududlar orasida erkin harakatlanish imkonini beradi.

Loyiha ishlari 2023-yil noyabrida boshlangan. Janubiy Tanzaniya fillarini muhofaza qilish dasturi mutaxassislari hamkorlar bilan birga yoʻlak boʻylab 59 ta fototuzoq oʻrnatgan.

Dastlabki 15 oy ichida kameralar sutemizuvchilarning kamida 1440 marta oʻtishini qayd etgan. Shundan 529 tasi fillarga tegishli boʻlgan. Yoʻlakdan buyvollar, servallar va asalxoʻr boʻrsiqlar ham foydalangan.

Loyihada qatnashgan 368 yer egasining har biri yoʻlak uchun 1000–2000 kvadrat metrdan yer ajratgan. Ularga jami qariyb 2,2 milliard Tanzaniya shillingi — taxminan 880 ming AQSH dollari miqdorida kompensatsiya toʻlangan.

Rasmiylar mahalliy aholi uchun yangi ish oʻrinlari yaratilishini, shuningdek, yoʻlakni saqlash bilan bogʻliq daromad keltiruvchi loyihalarda ishtirok etish imkoniyati paydo boʻlishini ham maʼlum qilgan.

Biroq tabiat himoyachilari boshqa hududlardagi hayvonlar koʻchish yoʻllarini ham muhofaza qilish zarurligini taʼkidlamoqda. Loyihada ishtirok etmagan Grumeti Fund vakili Jorj Loxayning fikricha, Tanzaniyaning boshqa qismlaridagi shunday yoʻlaklar ham huquqiy himoyaga muhtoj.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.