Dunyo

Filippindagi maktabda o‘quvchi jonli efirda otishma uyushtirdi (video)

Filippinning Zamboanga shahrida joylashgan maktablardan birida 18-avgust kuni dahshatli otishma sodir bo‘ldi. Bir o‘quvchi sinfdoshini otib o‘ldirib, so‘ngra o‘z joniga qasd qildi. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirda namoyish etilgani bilan yanada mudhish tus oldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Bu Filippinda so‘nggi ikki oy ichida maktabda sodir bo‘lgan ikkinchi shunday hodisa. Mamlakat prezidenti Ferdinand Markos huquq-tartibot organlariga ushbu voqeani chuqur tekshirishni buyurdi va maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilishini ta’kidladi. "Maktablar — farzandlarimiz bilim oladigan, ulg‘ayadigan va kelajak haqida orzu qiladigan maskandir. Ular mamlakatimizdagi eng xavfsiz joylardan biri bo‘lishi kerak", — dedi Markos o‘z bayonotida.

Otishma xususiy Ateneo de Zamboanga universitetiga qarashli maktabda yuz bergan. Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchi maktab hududiga to‘pponcha va miltiq olib kirgan. Zamboanga meri Ximer Adan Olaso ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quvchi tanasiga kamera o‘rnatib, hujumni shu kamera orqali jonli efirga uzatgan. Tarmoqlarda tarqalgan videoda otishma sodir etgan shaxsning sinfga kirib, o‘t ochgani, so‘ngra qurolini almashtirib, ikkinchi sinfga kirib yana o‘q uzgani ko‘rinadi. Hujum sabablari hozircha noma’lum. Bojxona xizmati mulozimining aytishicha, hujumchi 40 kalibrli to‘pponchadan foydalangan. Bu qurol uning otasiga Bojxona byurosi tomonidan berilgan bo‘lib, otasi allaqachon lavozimidan ozod etilgan. Voqea joyidan topilgan ikkinchi qurol ham otasiga tegishli bo‘lgan.

GMA News telekanali efirga uzatgan videoda tartibsizlik va sarosima aks etgan. O‘q ovozlari eshitilgach, o‘quvchilar yashirinishga harakat qilgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan o‘quvchi 10-sinfda o‘qigan, otishma sodir etgan 9-sinf o‘quvchisi esa o‘zini o‘ldirgan. Shuningdek, yana ikki kishi yaralangan. Shahar kengashi a’zosi Frederik Atilanoning qo‘shimcha qilishicha, qurbon bo‘lgan o‘quvchi maktabning to‘rtinchi qavatida topilgan, hujumchi esa beshinchi qavatda o‘z joniga qasd qilgan.

Maktab binosi 5 qavatdan iborat bo‘lib, 8 gektar hududda joylashgan. Bino ichida universitetning boshlang‘ich va o‘rta maktablari mavjud. Qochish paytida sarosimaga tushgan bir nechta o‘quvchi jarohat olgan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Maktabda darslar vaqtincha to‘xtatildi.

Iyun oyida ham shunga o‘xshash voqea Takloban shahridagi davlat maktabida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda ikki o‘quvchi o‘t ochib, kamida 3 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan va 20 ga yaqini yaralangandi.

Filippinda maktablardagi otishmalar kam uchraydi. Mamlakatda qurolga egalik qilish qoidalari qat’iy belgilangan bo‘lib, qurol olish uchun insonning ruhiy holati va shaxsiyati tekshiriladi. Shunga qaramay, noqonuniy qurollarning tarqalishi muammo bo‘lib qolmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.