Figure AI kompaniyasi robotlarni «Terminator» uslubida yoʻq qildi
Robotlar Finlandiyaning Imatra shahridagi quyuv zavodida joylashgan 75 tonnalik elektr yoy pechiga sakradi, shundan soʻng erigan metallga aylandi.

Figure AI kompaniyasi robotlarni «Terminator» uslubida yoʻq qildi
Figure AI kompaniyasi F.02 odamsimon robotlar parkini noodatiy tarzda yoʻq qildi. Mashinalar Finlandiyaning Imatra shahridagi quyuv zavodida joylashgan 75 tonnalik elektr yoy pechiga mustaqil ravishda sakradi, shundan keyin ular erigan metallga aylangan, deb yozdi.
Kompaniya yangi avlod F.03 robotlariga oʻtgach, eskilarini utilizatsiya qilish zarurati paydo boʻldi. Eski mashinalarni ishchi holatda saqlash maqsadga muvofiq emas edi, ularni oddiygina qismlarga ajratish esa firma apparat yechimlarini oshkor qilib qoʻyishi va keyingi F.04 modeli ustida ishlashi kerak boʻlgan muhandislarning vaqtini olishi mumkin edi.
Shu sabab Figure AI robotlarni ichki qismlarini ochmasdan yoʻq qilish yoʻlini topishga majbur boʻldi. AQSH va Meksikadagi bir nechta zavodlar mashinalarga oʻrnatilgan litiy-ionli akkumulyatorlar sabab ularni qabul qilishdan bosh tortdi. Oxir-oqibat kompaniya Finlandiya korxonasi bilan kelishuvga erishdi.
Yechim izlash jarayonida Figure AI «Afsonalarni yemiruvchilar» shousining sobiq ishtirokchilaridan ham yordam soʻradi. Robotlarni pechga tashlash gʻoyasini keyinchalik loyihaga qoʻshilgan aktyor Arnold Shvarsenegger qoʻllab-quvvatladi. Aynan uning ishtirokida suratga olingan «Terminator» filmidagi robot oxir-oqibat metall eritish pechiga tushib, oʻzini oʻzi yoʻq qilgan.
Finlandiyaga yuborishdan oldin muhandislar F.02 robotini kerakli nuqtaga sakrashga oʻrgatishdi. Buning uchun San-Xosedagi Figure shtab-kvartirasida katta xavfsizlik yostiqchalari oʻrnatildi va robotlar ikkinchi qavatdan tushishga mashq qildirildi.
Robotlar eritilgach, quyma metall koʻrinishida AQSHga qaytarildi. Figure AI kompaniyasining aytishicha, videodagi voqealar kompyuter grafikasi emas: robotlar rostdan ham yonib turgan pechga sakragan.

