Ferrari uchta elektr motorli CZ26 superkarini taqdim etdi
Ferrari o‘zining Special Projects dasturi doirasidagi yangi avtomobil - noyob CZ26’ni taqdim qildi. Superkar amerikalik mijozning individual buyurtmasi bo‘yicha SF90 negizida yaratilgan va butunlay yangidan ishlangan kuzovga ega bo‘ldi.

**Ferrari uchta elektr motorli CZ26 superkarini taqdim etdi**
Ferrari o‘zining eksklyuziv Special Projects dasturi doirasida amerikalik mijozning shaxsiy buyurtmasiga binoan navbatdagi noyob avtomobilni yaratdi.
Ushbu yangi model CZ26 deb nomlandi. Bu nomdagi "26" raqami ushbu loyiha doirasida ishlab chiqarilgan 26-avtomobil ekanligini anglatadi.
CZ26 ning asosi Ferrari SF90 modelidan olingan bo‘lsa-da, asl modelning tanish kuzov elementlaridan deyarli hech narsa qolmagan. Old qismi balandroq va burchakliroq ko‘rinishga ega bo‘lgan, kuzov chiziqlari esa yanada aniq va geometrik shakl olgan. Oddiy SF90 faralari o‘rnini old panjaraning butun eni bo‘ylab joylashgan ingichka yorug‘lik elementlari egallagan.
Dizaynerlar avtomobilning orqa qismini ham butunlay qayta ishlagan. Tor chiroqlar o‘rniga yirik kvadrat shaklidagi bloklar o‘rnatilgan, markazdagi qo‘shaloq tutun chiqarish quvurlari esa saqlab qolingan. Bamperning o‘ziga xos V shakli yo‘qolib, uning o‘rnida yangi diffuzorli, yanada gorizontal pastki qism paydo bo‘lgan.
Ferrari vakillarining ta’kidlashicha, CZ26 ni yaratishda 1970-yillardagi Italiya sanoat dizaynidan ilhomlanilgan. Shu bilan birga, avtomobil retro uslubdan ko‘ra ko‘proq futuristik ko‘rinishga ega bo‘lgan va uning ba’zi yechimlari haqiqatan ham zamonaviy konsept-karlarni eslatadi.
SF90 ning texnik jihozlari deyarli o‘zgarishsiz qolgan. Karbon kuzov ostida ikkita turbokompressorli 4,0 litrli V8 dvigateli va uchta elektr motor ishlaydi, ularning umumiy quvvati 986 ot kuchini tashkil etadi. CZ26 joyidan 100 km/soat tezlikka 2,5 soniyada erishadi, maksimal tezligi esa soatiga 328 km ga teng.
Salon ham SF90 arxitekturasini saqlab qolgan, ammo yangi mato va karbon elementlar bilan boyitilgan. Shu bilan birga, kuzovdagi o‘zgarishlar jiddiy muhandislik ishlarini talab qildi: Ferrari sovutish tizimi, avtomobil tubi, uyurma generatorlari, old havo pardalari, orqa spoyler va diffuzorni qayta ishlab chiqdi.
Ferrari CZ26 ning narxini oshkor qilmayapti. Special Projects avtomobillarini yaratishga taxminan ikki yil vaqt ketadi va bu jarayonda buyurtmachi barcha bosqichlarda bevosita ishtirok etadi. Shu sababli, bunday individual Ferrari ning narxi millionlab dollarga yetishi mumkin.

