Farg‘onada yuqori tezlik sabab sodir bo‘lgan YTHda 28 yoshli haydovchi halok bo‘ldi
Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida BMW haydovchisi soatiga 100 km dan yuqori tezlikda keskin burilishda boshqaruvni yo‘qotib, beton to‘siq va daraxtga urildi. Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan 28 yoshli haydovchi voqea joyida halok bo‘ldi. Old oynadan otilib ketgan yo‘lovchi omon qoldi.

Farg‘onada yuqori tezlik oqibatida yuz bergan YTHda 28 yoshli haydovchi vafot etdi
Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida 28 yoshli haydovchi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat YHXB.
Haydovchi BMW avtomobilida Furqat tumani hududidagi yo‘lda soatiga 100 km dan ortiq tezlikda harakatlanib, keskin burilishda boshqaruvni yo‘qotgan. Avtomobil avval ogohlantiruvchi ustunga, keyin beton to‘siq va daraxtga urilib, ag‘darilib ketgan.
Mashinadagi yo‘lovchining aytishicha, birinchi to‘siqqa urilgan paytda u old oyna orqali tashqariga otilib chiqqan.
“Ko‘zimni ochib, o‘rnimdan turib qarasam, hamma joy chang edi. Haydovchining yoniga bordim, hamma joyi butunga o‘xshab ko‘rindi, pulsini tekshirib ko‘rdim, lekin puls yo‘q edi. Tezlikning oxiri o‘lim. Ko‘zingizni ochib-yumasiz, bo‘ldi”, — deydi YTHdan omon qolgan yo‘lovchi.
Ma’lum qilinishicha, erkakning haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan va ilgari ham qoidabuzarligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lgan.

