Farg‘onada onasi va o‘gay otasini o‘ldirgan aka-ukadan biri umrbod, ikkinchisi 13 yilga qamaldi
Farg‘onada 27 va 17 yoshli aka-uka onasi va o‘gay otasini o‘ldirib, uydagi qimmatbaho buyumlarni olib ketgan. Ular keyin yana bir ukasini ham o‘ldirishga uringan. Sud akaga umrbod, ukaga 13 yillik qamoq jazosini tayinladi.

Farg‘onada onasi va o‘gay otasini o‘ldirgan aka-ukalardan biri umrbod, ikkinchisi 13 yilga qamaldi
Farg‘onada o‘z onasi va o‘gay otasini o‘ldirgan aka-ukalar ishi bo‘yicha sud qarori o‘qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 27 yoshli sudlanuvchi 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan ukasi bilan oldindan til biriktirib, Farg‘ona shahrida onasiga tegishli uyni egallash, xonadondagi qimmatbaho buyumlarni qo‘lga kiritish, shuningdek, onasi, o‘gay otasi va yana bir ukasini o‘ldirish rejasini tuzgan.
Rejaga muvofiq, aka-ukalar avval uyga kirgan, ulardan biri esa bolalar xonasiga berkingan. Er-xotin uyga qaytgach, ikkinchi sudlanuvchi o‘gay otasiga muhim gapi borligini aytib, uni tashqariga olib chiqqan.
Ayni paytda xonaga yashiringan katta o‘g‘il mehmonxonada yolg‘iz qolgan onasiga tashlangan. U ayolni qo‘llari va elektr kabeli bilan bo‘g‘ib, keyin shisha idish bilan boshiga urgan va uni o‘ldirgan.
Shundan so‘ng u ukasiga SMS yuborib, rejaning birinchi bosqichi yakunlanganini bildirgan. Uka o‘gay otasini yana uyga olib kirgan. Yuvinish xonasida yashiringan katta aka oshxona pichog‘i bilan uning tanasining turli joylariga 12 marta zarba berib, o‘gay otasini ham o‘ldirgan.
Aka-ukalar marhumlarni yotoq divanining ichki qismiga joylashtirib, qon izlarini tozalagan. So‘ng yana bir ukasini ham o‘ldirish maqsadida uning uyga kelishini kutishgan.
Kechga yaqin xonadonga kelgan ukaga ikki sudlanuvchi tashlangan. Biroq u akalariga qarshilik ko‘rsatib, uydan qochib chiqqan va qo‘shnilarni yordamga chaqirgan. Shu bois sudlanuvchilar jinoyatni oxiriga yetkaza olmagan.
Ular voqea joyidan qochishdan oldin marhumlarga tegishli telefonlar, pul mablag‘lari, taqinchoqlar va boshqa buyumlarni olib ketgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi voyaga yetmagan sudlanuvchiga Jinoyat kodeksi 59-moddasining 3-qismi asosida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. U jazoni tarbiya koloniyasida o‘taydi.
Ikkinchi sudlanuvchiga esa Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi asosida tayinlangan yengilroq jazoni og‘irrog‘i bilan qoplash orqali jinoyatlar majmui bo‘yicha umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sudda so‘z olgan sudlanuvchilardan biri qilmishidan pushaymonligini bildirib, boshqa yoshlarga saboq bo‘lishini aytdi.
“Yosh-yosh bolalarga dars bo‘lsin, ayniqsa, ota-onalarga. Farzandlariga yaxshi qarab, mehribonchilik bilan munosabatda bo‘lsa, bunday darajaga yetib kelmaydi. Kechiringlar yana bir marta”, — dedi u.
Marhum o‘gay otaning qizi esa uning farzandlarga munosabati haqida gapirdi. Uning aytishicha, otasi o‘g‘il farzandni yaxshi ko‘rgan va bolalarga nisbatan bunday munosabatda bo‘ladigan inson emas edi.
“2025-yil iyul oyining oxiridan birga yashay boshlashgan. Shundan beri ular bilan aloqamiz bo‘lmagan. 12-fevral kuni vafot etgani haqida eshitdim. Bilmayman, balki men yagona qiz farzand bo‘lganim uchunmi, u o‘g‘il bolani juda yaxshi ko‘rardi. O‘g‘il farzandi bo‘lmagani uchunmi, o‘g‘il bolaga bunday muomala qiladigan odam emas edi”, — dedi qiz.

