Mahalliy

Farg‘onada “Mansur Kazanskiy” va sherigi ushlandi

Fargʻona viloyatida uyushgan jinoyatchilikka aloqador shaxs, "Mansur Kazanskiy" laqabi bilan tanilgan Mansur Fozilovich Aripov tovlamachilik jinoyatini sodir etayotgan vaqtida qoʻlga olindi. Bu haqda Fargʻona viloyati IIB axborot xizmati maʼlum qildi.

Toshkent shahrida yashovchi fuqaroga tegishli boʻlgan noturar joyni 1 million 200 ming dollarga sotib olishga kelishgan Aripov Mansur Fozilovich, hisob-kitobni ushbu obyektni garovga qoʻyish orqali bank krediti hisobidan amalga oshirishni rejalashtirgan.

Obyekt notarial tartibda Aripov nomiga rasmiylashtirilgandan soʻng, u kredit boʻyicha oylik toʻlovlar va foizlar bilan tanishib, qarz olishdan bosh tortgan. Biroq, u obyektni asl egasiga qaytarish oʻrniga, uni jabrlanuvchining nomiga qayta rasmiylashtirib berish evaziga 200 ming dollar talab qila boshlagan.

Bundan tashqari, Aripov 1968-yilda tugʻilgan sherigi bilan birga jabrlanuvchining tadbirkor hamkoriga ham bosim oʻtkazib, unga nisbatan qoralovchi materiallar toʻplangani va jinoiy javobgarlikka tortish bilan qoʻrqitib, pul berishga majburlab kelgan.

Fargʻona viloyati IIB va DXX xodimlarining hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi Fargʻona shahridagi Burhoniddin Margʻinoniy koʻchasida joylashgan notarial idorada noturar binoni jabrlanuvchiga oʻtkazib berish evaziga 100 ming dollar olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, jinoyatga aloqador shaxslar protsessual tartibda ushlangan. Huquq-tartibot organlari ushbu shaxslardan jabr koʻrgan fuqarolardan 102 raqamiga qoʻngʻiroq qilib xabar berishni soʻragan.

Avvalroq, kottej savdosi ortidan tovlamachilik qilgan aka-ukalar ham ushlangan edi. Ular uy xarid qilib, toʻlovning maʼlum bir qismini amalga oshirmay, uy egasiga tazyiq oʻtkazishgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.