Farg‘onada elektrobuslar ishlab chiqarish bo‘yicha 170 mln dollarlik loyihaga start berildi
Farg‘onada 170 mln dollarlik elektrobus zavodi qurilishi boshlandi. Loyihaning birinchi bosqichida yiliga 700 ta elektrobus ishlab chiqariladi, keyinchalik elektr yuk mashinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Mahsulotlar mahalliy bozorga yetkazilib, eksport ham qilinadi.

Farg‘onada 170 million dollarlik elektrobus ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida Xitoyning "Xiang Yang Tenglong Automobile" va "GIG Investments" kompaniyalari bilan hamkorlikda elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasi boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Loyiha Yozyovon tumanidagi Ijodkor mahallasi hududida joylashgan maxsus sanoat zonasining 10 gektar maydonida amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati 170 million dollar bo‘lgan ushbu korxonada yiliga 700 ta elektrobus ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Korxonani 2027-yil dekabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Dastlab elektrobuslar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, kelgusida esa elektr yuk mashinalarini ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan.
Viloyat hokimligining xabar berishicha, ishlab chiqariladigan mahsulotlar nafaqat ichki bozorga yetkazib beriladi, balki xorijiy davlatlarga ham eksport qilinadi. Loyiha Farg‘ona viloyatining sanoat salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyiha startiga bag‘ishlangan tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, tadbirkorlar, investorlar, jamoatchilik vakillari va nuroniylar ishtirok etdi. Tadbir yakunida korxonaga tamal toshi qo‘yilib, qurilish ishlari boshlandi.
Loyiha bo‘yicha dastlabki kelishuvlar mart oyida muhokama qilingan edi.
13-mart kuni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning "Xiangyang Tenglong Automobile Co., Ltd." kompaniyasi boshqaruv raisi Van Venszyun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan. Uchrashuvda Yozyovon tumanida istiqbolli loyihani amalga oshirish, yuqori sifatli va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari muhokama qilingan. Tomonlar hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha kelishib olganlar.
Mart oyidagi uchrashuvda, shuningdek, yong‘in o‘chirish va maishiy chiqindilarni tashishga mo‘ljallangan maxsus avtotransport vositalari, boshqa texnikalarni ishlab chiqarish va mahalliylashtirish masalalari ham muhokama qilingani aytilgan.

