Farg‘onada avtomobil olish uchun kelgan mijozni o‘ldirgan bank xodimi 19 yilga qamaldi

Farg‘onada avtomobil olish uchun kelgan mijozni o‘ldirgan bank xodimi 19 yilga qamaldi
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida avtokredit to‘lovi uchun olib kelingan pulni qo‘lga kiritish maqsadida qotillik sodir etgan bank xodimi ustidan sud hukmi e’lon qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘qondagi banklardan birida ishlagan xodim mijozning yonida mashina to‘lovi uchun 5700 AQSH dollari borligini bilib, shu pulga egalik qilishni rejalashtirgan. Ayblanuvchi mijozning ishonchiga kirib, turli bahonalar bilan uni ko‘chaga chiqishga ko‘ndirgan va o‘zining Tracker rusumli avtomobilida ovloq joyga olib borgan.
U yerda jabrlanuvchi bilan ataylab janjal chiqargan hamda yigitni o‘ldirish maqsadida uni mashinadan tushirishga uringan. Marhum qarshilik ko‘rsatgach, o‘zi bilan olib yurgan oshxona pichog‘i bilan uning bo‘yni va tanasining turli joylariga 20 martadan ortiq o‘ta shafqatsizlik bilan zarba berib, uni qasddan o‘ldirgan. Shundan keyin jinoyat izlarini yashirish uchun marhumning jasadini mashinaga solib, bankka qaytgan va ish vaqti tugagach, murdani Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.
Olti kunlik qidiruvdan so‘ng marhumning jasadi kanaldan topilgan.
Qidiruv ishlariga Favqulodda vaziyatlar vazirligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari ham jalb etilgan.
“Jasadi olti kun deganda kanaldan olindi. Men hushimda emasdim, o‘sha kuni bolamni ko‘rolmadim. Uchta qizdan keyin tilab-tilab olgan o‘g‘limiz edi. Onix olaman dedi. 5700 pulni berdim, duo qildik xo‘jayinim ikkalamiz. Shunaqa xursandchilik bilan chiqib ketgan edi”, deydi marhumning onasi.
Mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqilib, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining “j” va “i” bandlari bilan aybli deb topildi. Unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud hukmiga ko‘ra, marhumning qonuniy vakiliga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar pullari undirilishi belgilandi.

