Farg‘onada avtomobil boshqargan 5-sinf o‘quvchisining otasiga chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoni o‘rganish davomida So‘x tumanida 5-sinf o‘quvchisi otasiga tegishli Tracker avtomobilini boshqargani aniqlandi. Voyaga yetmaganning otasiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ikki moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi.

Farg‘onada avtomobil boshqargan 5-sinf o‘quvchisining otasiga nisbatan chora ko‘rildi
Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida 5-sinf o‘quvchisi otasiga tegishli Tracker avtomobilini boshqargani ma’lum bo‘ldi.
Bildirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan shaxs avtomobil boshqarayotgani aks etgan video tarqalgan. Holat o‘rganilganda, transport vositasini So‘x tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi boshqargani aniqlangan. Tracker uning otasiga tegishli bo‘lgan. Transport vositasi otasi ishtirokida jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
Mazkur holat bo‘yicha voyaga yetmaganning otasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) hamda 135-moddasi (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 2-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
135-moddaning 2-qismiga ko‘ra, BHMning 5 baravari, 47-modda bo‘yicha esa BHMning 1−5 baravari miqdorida jarima belgilangan.
Shuningdek, bolaning otasi bilan profilaktik suhbat ham o‘tkazilgan.
YHXB ota-onalarni voyaga yetmagan farzandlariga avtomobil boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda avtomobilni boshqarishni voyaga yetmagan shaxsga topshirganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Agar bu og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, javobgarlik jinoiy bo‘ladi.
IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda avtomobilni 14 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarga boshqarish uchun topshirish holatlari qariyb 2500 marta qayd etilgan. Bu kabi hodisalar oqibatida 44 kishi halok bo‘lgan, 101 kishi jarohat olgan.

