Farg‘ona va Qo‘qon Markaziy Osiyoda barqaror shaharlar koalitsiyasiga qo‘shildi
Markaziy Osiyoda barqaror shaharlar koalitsiyasiga Farg‘ona va Qo‘qon ham qo‘shildi. A’zolari soni 10 taga yetgan birlashma shaharlari rivojlanishni uzoq muddatli rejalashtirishda tabiiy ofatlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish yechimlarini birga izlaydi va joriy etadi. Tashabbusga BMTTD, Yaponiya va GIZ ko‘maklashmoqda.

Farg‘ona va Qo‘qon Markaziy Osiyoda barqaror shaharlar koalitsiyasiga qo‘shildi
Farg‘ona va Qo‘qon Markaziy Osiyoda barqaror shaharlar koalitsiyasi ishtirokchilari safidan joy oldi. 2025-yilda tashkil etilgan koalitsiyadagi shaharlar soni 10 taga yetdi. Avvalroq Petropavlovsk (Qozog‘iston), O‘sh (Qirg‘iziston), Dushanbe (Tojikiston), Ashxobod (Turkmaniston) va Namangan (O‘zbekiston) kirgan tarmoqqa endi Bishkek va Manas (Qirg‘iziston), Isfara (Tojikiston), shuningdek, Farg‘ona va Qo‘qon (O‘zbekiston) ham qabul qilindi.
Bu haqda Toshkentda 19−20-oktabr kunlari o‘tkazilgan shaharlar barqarorligi bo‘yicha ikkinchi mintaqaviy muloqotda ma’lum qilindi. Tadbirning maqsadi iqlim tahdidlari va tabiiy ofatlar xavfiga tayyorgarlikni kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash hamda mahalliy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilishdan iborat edi.
Muloqot O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar va ofatlar xavfini kamaytirish markazi hamda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan tashkil etildi. U Yaponiya hukumati ko‘magida “Markaziy Osiyoda shaharlarning ofat xavfi va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish” hamda “Markaziy Osiyoda ofatlar xavfini mintaqaviy miqyosda kamaytirish tizimni mustahkamlash” nomli ikkita mintaqaviy loyiha doirasida bo‘lib o‘tdi.
Koalitsiya shaharlarga tajriba almashish, bir-biridan o‘rganish va suv toshqinlari, yer silkinishlari hamda boshqa xavf-xatarlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish uchun amaliy yechimlar topish, shuningdek, o‘z rivojlanishining uzoq muddatli rejalarini tuzishda iqlim xavflarini hisobga olish imkonini beradi, deya xabar qildi
Koalitsiya doirasida O‘sh, Manas, Isfara, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlarining milliy seysmologiya institutlari zilzilalarga tayyorgarlik sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi. Tadbirda imzolangan yangi memorandum ilmiy bilimlar bilan almashish, koordinatsiyani yaxshilash hamda mamlakatlarga seysmik faollik xavflarini baholash va ularning oldini olishda yordam ko‘rsatish uchun asos yaratadi.
“Umumiy maqsadimiz — xavfsiz va barqaror shaharlar hamda jamoalardir”, — dedi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Xurshid Sotiyev. U bu yo‘nalishda hukumatlar, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar, BMT muassasalari, ilmiy hamjamiyat va nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi.
“Shaharlar rivojlanishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak. Oldini olish, tayyorgarlik va barqaror infratuzilmaga kiritilgan har bir investitsiya insonlar hayotini saqlab qoladi va erishilgan rivojlanish natijalarini himoya qiladi”, — deb ta’kidladi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii.
“Biz duch kelayotgan chaqiriqlar juda jiddiy. Uy-joy fondi va infratuzilmaning tarkibiy zaifligi saqlanib qolmoqda, jadal urbanizatsiya xavflarni boshqarish salohiyatidan o‘zib ketmoqda, iqlim o‘zgarishi oqibatlari esa tezlashmoqda. Aynan shuning uchun barqaror xalqaro sheriklik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yaponiya ofatlar xavfini kamaytirish va ularni boshqarish bo‘yicha mintaqaviy hamda global hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z tajribasi, bilimlari va resurslari bilan o‘rtoqlashishda davom etmoqda”, — dedi Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kenji Hirata.
Muloqot ishtirokchilari BMTTD tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan pilot shaharlar tajribasi va tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rishning amaliy vositalarini o‘rgandi, shuningdek, Yaponiyaning xavfsizroq va chidamliroq shaharlar barpo etish bo‘yicha ilg‘or tajribasi bilan tanishdi.

