Fargʻona viloyatida zargarlik buyumlari ishlab chiqarish kengaytiriladi
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov investor Mushfig Ibragimzade bilan zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va eksport qilishni muhokama qildi.

Fargʻona viloyatida «Baku Oltin» MCHJ qoʻshma korxonasida zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish rejalashtirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish istiqbollari viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va korxona muassisi, turkiyalik investor Mushfig Ibragimzade tomonidan muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ishlab chiqarish hajmini oshirish, assortimentni kengaytirish va korxonani yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, hozirda kompaniya ichki bozorda xaridorgir boʻlgan import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.
Kelgusida zargarlik buyumlarining yangi turlarini oʻzlashtirish, ishlab chiqarish miqyosini kengaytirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish va mahsulot eksportini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Xayrullo Bozorov viloyat hokimligi oʻzaro manfaatli investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga va belgilangan tashabbuslarni amalga oshirishda amaliy yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

