Fargʻona va Kam Air aviakompaniya tashkil etishni muhokama qildi
Fargʻona viloyati hokimligi va Kam Air yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etish hamda loyihani amalga oshirishga oʻtish masalasini muhokama qildi.

Fargʻona va Kam Air aviakompaniya tashkil etishni muhokama qildi
Fargʻona viloyatida yangi xalqaro aviakompaniyani ishga tushirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Afgʻonistonning Kam Air kompaniyasi rahbari Omar Mohammad Sulaymon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tadbirda «Uzbekistan Airports» AJ Tijorat faoliyati departamenti boshligʻi Timur Xalilov ham ishtirok etdi.
Ushbu uchrashuv joriy yilning 26–27 iyul kunlari Fargʻona viloyati delegatsiyasining Afgʻonistonga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning davomi boʻldi.
Safar davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga bagʻishlangan bir nechta uchrashuvlar boʻlib oʻtgan edi.
Bu galgi muzokaralarda ishtirokchilar erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi va aviatsiya sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishni muhokama qildilar.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Fargʻonada yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etish tashabbusi boʻldi.
Tomonlar loyihani hayotga tatbiq etish imkoniyatlari, zarur infratuzilma va tegishli xizmat koʻrsatishni tashkil etish boʻyicha fikr almashdilar. Tashabbusni muhokama qilishdan uni amaliy joriy etishga oʻtish uchun hal qilinishi lozim boʻlgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari loyihaga sohaviy tashkilotlar va mutaxassislarni jalb etish zarurligini taʼkidladilar.
Shuningdek, tegishli ishlarni xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish ahamiyati qayd etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar keyingi qadamlarni kelishib oldilar va aviatsiya sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab oldilar.

