Texnologiya

“Faqat kod yozish bilan ish bitmaydi” – Meta’dagi o‘zbek mutaxassisi Abdusoli Ergashev bilan suhbat

**“Faqat kod yozish bilan ish bitmaydi” – Meta’dagi o‘zbek mutaxassisi Abdusoli Ergashev bilan suhbat**

Meta (sobiq Facebook) — Google, Amazon, Apple va Microsoft bilan bir qatorda dunyoning eng kuchli besh texnologik gigantidan biri. Bunday ulkan kompaniyaga ishga kirish uchun qanday mutaxassis bo‘lish kerak? Bu yo‘lda faqat kasbiy ko‘nikmalar yetarli emas, chunki zo‘rdan zo‘r bor: qimmatli kadr bo‘lish uchun moslashuvchanlik, tez o‘rganish, muloqot mahorati, jamoada ishlay olish kabi shaxsiy fazilatlar ham zarur.

O‘zbekistonlik dasturchi Abdusoli Ergashev aynan shu xususiyatlarni yuqori darajada mujassam eta olgani sababli bir yildan oshiq vaqt davomida dunyoning eng kuchli kompaniyalaridan birida ishlamoqda. Va bu uning hikoyasidagi yagona yutuq emas. Daryo.uz uning kodlar olamidagi yo‘li qanday boshlanganini va AQSH sari qanday yetaklaganini o‘rgandi.

### Universitet

Qahramonimiz bakalavriat ta’limini Toshkentdagi Inha universitetida olgan. Kod yozish va turli yangi dasturlar yaratish orqali muammolarga yechim topishga qiziqishi aynan shu yerda boshlangan va dasturiy injiniring yo‘nalishini tanlashiga turtki bo‘lgan.

“Ta’lim Koreya mezonlariga asoslangani uchun barcha darslar ingliz tilida, kunning turli soatlarida o‘tilardi. Ertalabdan kechgacha vaqtimni universitetda — o‘rganish va yaratish ishtiyoqi bilan to‘yingan muhitda o‘tkazardim. Talabalar guruh-guruh bo‘lib turli loyihalar ustida ishlashardi. Uchinchi va to‘rtinchi bosqichda o‘zimni robototexnikada ham sinab ko‘rdim, lekin kod yozishga qiziqish ustunlik qilgan”, deya talabalik yillarini eslaydi u.

U ilk muvaffaqiyatli loyihasini ham aynan universitetda amalga oshirgan. Oliygoh miqyosida o‘tkazilgan Autonomous Car Competition tanlovida ikki sherigi bilan avtonom avtomobil yaratib, 250 nafar talaba orasida uchinchi o‘rinni egallagan.

### Ilk tajriba

Bakalavriat diplomini olgan Abdusoli Ergashev bilimlarini mahalliy bozorda sinab ko‘rishga qaror qiladi va professional faoliyatini “Xalq” bankida boshlaydi. Bu yerda bonuslar tizimi va HR dasturlari ustida ishlab, yirik ekotizimda jarayonni to‘g‘ri tashkil etish qanchalik muhimligini o‘rganadi.

“Bank sohasidagi tajriba birgina arzimas xato ham juda qimmatga tushishi mumkinligini ko‘rsatgan, ishga qunt va sinchkovlik bilan yondashish qanchalik muhimligini amalda his qilganman”, — deydi u.

Mutaxassisning aytishicha, Levelup Solutions’dagi faoliyati unga katta ma’lumotlar bazasi bilan ishlashni o‘rgatgan bo‘lsa, EPAM’dagi ish davri xalqaro jamoa tarkibida ishlash ko‘nikmasini shakllantirgan.

### AQSH sari va Meta

Mahalliy bozorda o‘zini sinab ko‘rgan Abdusoli Ergashev bilim va ko‘nikmalarini yanada takomillashtirish maqsadida tahsilni davom ettirishga qaror qiladi. Shu bois magistratura bosqichi uchun AQSHning bir necha nufuzli oliygohiga hujjat topshiradi:

“Oliygohlardan kelgan taklifnomalar orasida Tulsa universitetining grant dasturi har tomonlama ma’qul kelgan. Bu yerda ko‘plab kuchli professorlar va talabalar bilan birga ishlash imkoniyati borligi ham e’tiborimni tortgan. To‘g‘ri, o‘qish o‘ylaganimdan ancha qiyinroq ekan, chunki universitetda chet ellik talabalarga minimum GPA bali belgilangan, undan past ball olganlar o‘qishni o‘z vaqtida tamomlay olmaydi. Bu imtihonlarga puxta tayyorlanish kerakligini bildiradi. Ammo tahsil davomida ustozlar va tengdoshlarimdan juda ko‘p narsa o‘rgandim va bu keyingi karyeramga ijobiy ta’sir qildi”.

Ikki yillik tahsil davomida Abdusoli Ergashev FAANG (Facebook, Apple, Amazon, Google) kompaniyalariga kirish uchun suhbat jarayonlariga tayyorlana boshlaydi. Bir yarim yil davom etgan mashaqqatli jarayonda rad javoblari ham bo‘ladi, ammo oxir-oqibat Meta kompaniyasiga ishga qabul qilinadi va Kaliforniya shtatiga ko‘chib o‘tadi.

Qahramonimizning Meta’dagi faoliyati Reality Labs bo‘limining Wearables Creators jamoasi tarkibida boshlangan. Bu jamoa turli gadjetlar (masalan, aqlli ko‘zoynaklar va boshqa qurilmalar) uchun dasturiy ta’minot, ekotizim va ijodiy yechimlarni yaratish hamda rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Uning aytishicha, kompaniyada sira xayoliga ham keltirmagan yangi talablar bilan yuzlashgan.

“Bu yerda dasturchi nafaqat dastur yozishi, balki mahsulot dizayneri, ma’lumotlar bo‘yicha mutaxassis, mahsulot menejeri va funksiyalararo jamoalar bilan birga ishlab, mahsulotni noldan ko‘tarishi ham kerak. Bu esa muloqot mahorati, puxta reja tuzish va dasturni vaqtida yetkazib berishni talab qiladi. Avvaliga bu men uchun juda murakkab tuyulgan. Chunki boshqa kompaniyalarda dasturchi kod yozsa bas, jarayonning boshqa jihatlari haqida bosh qotirib o‘tirmaydi. Bunday yuqori talab qarshisida moslashuvchanlik, yangi muhitda tez o‘rganish kabi ko‘nikmalar juda asqatgan.

Ishimizning yana bir nozik tomoni bu — sun’iy idrok. Bugun sun’iy idrok biz kabi mutaxassislar bajaradigan ko‘plab takrorlanuvchi vazifalar — kod yozish, bo‘laklarni ulash kabi ishlarni avtomatlashtirish imkonini beryapti. Men aynan avtomatlashtirib bo‘lmaydigan qismlar bilan ishlaganim uchun ham boshqa nomzodlar orasida ustunlikka ega bo‘la oldim, deb o‘ylayman.

Sun’iy idrokdan to‘g‘ri foydalanib, katta miqyosdagi loyihalar yaratish yaxshi tajriba talab qiladi. Ko‘plab dasturlash tillarida va serverlarda o‘zimni sinab ko‘rganim shu jihatdan juda qo‘l kelyapti”.

### Imposter sindromi

Abdusoli Ergashev bilan suhbat davomida o‘zbekistonlik IT mutaxassislar asosan qanday yo‘nalishlarda bandligi haqida ham so‘radik.

“Oxirgi vaqtlarda bu yerdagi o‘zbekistonliklar ko‘proq kichik startap qurishga qiziqayotganini kuzatyapman. Sun’iy idrok rivojlanayotgan vaqtda yoshlar yangi g‘oyalar ustida ishlashni afzal ko‘rishyapti. Lekin katta auditoriya va ko‘lamga ega loyihalarda ishlab, tajriba orttirishni tanlaydiganlar ham yetarlicha topiladi”.

Suhbatdoshimiz o‘z hikoyasida qiziq bir jihatni tilga oldi. Uning aytishicha, AQSH mehnat bozoriga endi qadam qo‘ygan dasturchilar imposter sindromini his qiladi.

“AQSH bozoridagi raqobat men kutganimdan ancha kuchli ekan. Chunki butun dunyodan ko‘plab kuchli mutaxassislar shu yerga oqib keladi, ish o‘rinlari esa cheklangan. Bu bozorda ko‘p yillik tajribaga ega kuchli dasturchilar juda ko‘p, shu sababli boshqa davlatdan endi kelgan dasturchi imposter sindromini boshdan kechiradi, ya’ni o‘zini soxtakordek, bunday muhitda ishlashga noloyiqdek, shaxsiy ko‘nikmalari yetarli emasdek his qiladi”.

### Uchta “T” qoidasi

Suhbatimiz qahramoni o‘zi bosib o‘tgan yo‘l va tajribasidan kelib chiqib, o‘zbekistonlik yoshlarga AQSH mehnat bozori uchun kerakli kadrga aylanish borasidagi tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

“Ummon ortida qimmatli mutaxassis bo‘lishni, katta kompaniyalar tarkibida ishlashni aqalli bir marotaba orzu qilib ko‘rmagan yoshlar bo‘lmasa kerak. Shunday tengdoshlarimga kamtarona tajribamdan kelib chiqib, uchta “T”ni tavsiya qilgan bo‘lardim. Bu: til, tayyorgarlik va tajriba.

Ingliz tilini yaxshi o‘rganish eng muhim va ustuvor masala. Qizig‘i, O‘zbekistonda o‘rgatiladigan va amerikaliklar kundalik muloqotda qo‘llaydigan inglizcha biroz farq qiladi. Mana shu tafovutlarni inobatga olgan holda har qanday mavzuda o‘z fikrini ravon ifodalay olish, g‘oyalarini sotish va muzokara yurita olish darajasida tilni o‘zlashtirish juda muhim.

Ikkinchi jihat — tayyorgarlik. Bu qanday tayyorgarlik bo‘lishi mumkin? Avvalo, AQSHga kirish va yashash imkoniyatini beradigan barcha viza turlari bilan yaxshilab tanishib chiqib, o‘zingiz uchun kerakli toifa talablari bo‘yicha puxta tayyorlanish. Shuningdek, bu mamlakatda ishlaydigan yoki o‘qiydigan vatandoshlar bilan suhbatlashib, real vaziyat bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lish hamda o‘zini ruhan tayyorlash. Va nihoyat, har xil qiyinchiliklarga tayyor bo‘lish. Chunki boshida ish topa olmaslik, arzimas haq evaziga yoki o‘rtamiyona kompaniyalarda ishlashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Dastlabki qiyinchiliklarga tayyor bo‘lgan va ulardan o‘ta olgan kishigina yo‘lini davom ettirib, ko‘zlagan marrasiga erisha oladi.

Uchinchi “T” — tajriba. Aynan dasturchilik misolida aytadigan bo‘lsam, sohaning asoslarini yaxshilab o‘rganish, imkon qadar ko‘proq mustaqil dasturlar yaratish va sinab ko‘rish, kuchli dasturchilardan iborat kompaniyada tekinga bo‘lsa ham ishlab, tajriba orttirishni qattiq tavsiya qilaman. Raqobat kuchli bo‘lgan bozorda tajriba kadrning qo‘lidagi eng kuchli qurolga aylanadi”.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.