F-35B ilk bor sakkizta yuqori aniqlikdagi bombani ketma-ket tashladi
AQSH Dengiz piyodalari korpusi F-35B qiruvchisidan bittada sakkizta Small Diameter Bomb II - SDB II boshqariladigan aviabombasini tashlash sinovini oʻtkazdi. Bu imkoniyatni kelgusida F-35ʼning barcha modifikatsiyalarida qoʻllashni tasdiqlash yoʻlidagi dastlabki qadam sifatida baholanmoqda.

F-35B ilk bor sakkizta yuqori aniqlikdagi bombani ketma-ket tashladi
Sinov Arizona shtatidagi Yuma poligonida oʻtkazildi. Unda Dengiz piyodalari korpusining 1-operativ sinov va baholash eskadrilyasi uchuvchilari ishtirok etdi.
Bu yerda sakkizta bombani bir vaqtning oʻzida emas, balki nishonga bir marta yaqinlashish jarayonida ketma-ket tashlash haqida gap ketmoqda. Natijada samolyot har bir bomba uchun nishonga qayta uchib borishga majbur boʻlmaydi.
StormBreaker nomi bilan ham tanilgan SDB II — ogʻirligi taxminan 113 kilogramm boʻlgan kichik oʻlchamli, yuqori aniqlikdagi boshqariladigan aviabomba. Materialda aytilishicha, u turli ob-havo sharoitlarida kamida 70 kilometr uzoqlikdagi harakatlanuvchi nishonlarni urish uchun moʻljallangan.
StormBreaker’ni F-35 qurollanishiga qoʻshish dasturiy taʼminotdagi muammolar va boshqa qiyinchiliklar sabab kechikkan. Shunga qaramay, bir yoʻla bir nechta bombadan foydalanish imkoniyati samolyotning jangovar vazifalarni bajarish usulini oʻzgartirishi mumkin.
AQSH Harbiy-havo kuchlarining isteʼfodagi general-mayori Jon Norman Air & Space Forces nashriga bergan izohida bu usul uchuvchining nishonga qayta-qayta yaqinlashishi zaruratini kamaytirishini aytgan. Uning fikricha, bu qoʻshimcha parvozlar bilan bogʻliq xavfni kamaytiradi va har bir oʻq-dori uchun qoʻllash parametrlarini qoʻlda hisoblash yukini yengillashtiradi.
StormBreaker’ning tarmoq orqali maʼlumot almashish imkoniyatlari nishonlarni urish hududini oldindan belgilangan maydon bilan cheklashga ham imkon beradi. Materialda bu xususiyat bombaning avvalgi avlod kassetali oʻq-dorilariga nisbatan ustunliklaridan biri sifatida keltirilgan.
Amaldagi sinov F-35B modifikatsiyasida oʻtkazildi. Uning natijalari bu imkoniyat allaqachon barcha F-35 samolyotlarida joriy etilganini anglatmaydi.

