Evakuatsiyani taʼminlash uchun
Braziliyaning Embraer kompaniyasi Oʻzbekiston Harbiy-havo kuchlari uchun birinchi C-390 harbiy-transport samolyotini taqdim etdi

Evakuatsiya vazifalari uchun
Braziliyaning Embraer aviasozlik kompaniyasi Oʻzbekiston Harbiy-havo kuchlari uchun moʻljallangan ilk C-390 Millennium harbiy-transport samolyotini taqdim etdi.
Kompaniya tomonidan eʼlon qilingan suratlarda samolyot kulrang rangda, UZ AIR FORCE yozuvi, Oʻzbekiston bayrogʻi va mamlakat HHKning tanish belgilari bilan tasvirlangan. Dum qismiga UK 39010 raqami tushirilgan.
«Bugun Embraer Oʻzbekiston Harbiy-havo kuchlarining ilk C-390 Millennium samolyotini taqdim etmoqda, buning natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoda C-390 ning birinchi buyurtmachisiga aylanmoqda», — deyiladi kompaniya xabarida.
Oʻzbekiston tomonidan C-390 Millennium sotib olinishi haqida fevral oyida Singapore Airshow xalqaro aviasalonida maʼlum boʻlgan edi. Oʻshanda Embraer Oʻzbekiston ushbu samolyotlarning ilgari nomi oshkor etilmagan buyurtmachisi ekanini maʼlum qilgan. Mashinalar asosan transport va gumanitar missiyalar uchun moʻljallangan. Oʻzbekiston tomonidan buyurtma qilingan C-390 soni va shartnoma qiymati oshkor etilmagan.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston HHK Il-76 va CASA C-295 harbiy-transport samolyotlaridan foydalanmoqda.
Maʼlumot: C-390 Millennium — yuk koʻtarish quvvati 26 tonnagacha boʻlgan harbiy-transport turboreaktiv samolyoti. Uning maksimal kreyserlik tezligi soatiga taxminan 870 km ni tashkil etadi. Samolyot harbiy xizmatchilar va yuklarni tashish, texnika va shaxsiy tarkibni desant qilish, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv va gumanitar operatsiyalarni bajarish, shuningdek, yongʻinlarni oʻchirishga qodir. U jumladan vaqtinchalik va tuproqli uchish-qoʻnish yoʻlaklarida ishlashga moslashtirilgan. Tez yechib olinadigan uskunalarga ega KC-390 versiyasi havoda boshqa samolyotlarga yoqilgʻi quyish, shuningdek, parvoz vaqtida oʻzi ham yoqilgʻi qabul qilish uchun ishlatilishi mumkin.

