Sport

Etoʻo yana janjal markazida: u oʻrtoqlik oʻyini uchun berilgan 560 000 yevroni oʻzlashtirganlikda ayblanmoqda

Etoʻo yana mojaro markazida: u oʻrtoqlik oʻyini uchun ajratilgan 560 000 yevroni oʻzlashtirganlikda ayblanmoqda

Kamerun terma jamoasining sobiq futbolchisi, hozirda mamlakat futbol federatsiyasi (Fecafoot) rahbari sifatida ishlayotgan Samuel Etoʻo uchun janjallar markazida boʻlish odatiy holga aylangan. U yana bir mojaroga tortildi. Gap 2023-yilda oʻtkazilgan Rossiya-Kamerun oʻrtoqlik uchrashuvi haqida bormoqda.

The Times xabariga koʻra, aynan shu oʻrtoqlik oʻyini uchun Rossiya futbol uyushmasi Etoʻoning Qatar milliy bankidagi shaxsiy hisobiga 560 ming yevrodan ortiq mablagʻ oʻtkazgan. Buni tasdiqlovchi skrinshot ham mavjud.

FIFA himoyasidagi Etoʻo

Kamerun futbol federatsiyasining sobiq rasmiylari bu pullarning qayerdaligi nomaʼlumligini aytmoqda. Ularning iddaosiga koʻra, Etoʻo ularni tashkilotdan isteʼfoga chiqishga majbur qilgan. Bundan tashqari, ular allaqachon FIFA axloq qoʻmitasiga Etoʻoning xatti-harakatlari yuzasidan rasmiy shikoyat yuborgan, biroq hanuz javob olmagan. Federatsiyaning sobiq vakillari Etoʻo FIFA prezidenti Janni Infantinoning himoyasida ekanidan shubhalanmoqda, chunki u FIFA prezidentini qoʻllab-quvvatlaydi. Shuningdek, Forward Enterprise loyihasi orqali FIFAdan yordam oladi.

Kamerun federatsiyasining sobiq ijroiya qoʻmitasi aʼzosi Gibaye Gatama shunday dedi:

“Bunday jiddiy va asosli ayblovlar tergovga olib kelmasa va FIFA Etoʻoni maqtashda davom etsa, u himoya ostida degan xulosaga kelish mumkin”.

FIFA vakili sud tizimi mustaqil ekanini va prezident ularga hech qanday taʼsir oʻtkazmasligini bildirdi.

Kamerun futbol federatsiyasi nizomida barcha mablagʻlar shaxsiy hisoblarda emas, balki tashkilot hisoblarida saqlanishi kerakligi aniq yozilgan. Gibaye Gatama bunga qoʻshimcha qildi:

“Mening bilishimcha, Samuel Etoʻoning Qatardagi shaxsiy hisobiga oʻtkazilgan mablagʻlar keyinchalik Fecafoot’ning rasmiy hisobiga yuborilgani yoki uning buxgalteriya yozuvlarida aks ettirilgani haqida hech qanday dalil yoʻq. Na Fecafoot, na Etoʻo bu bitimlarning mavjudligini yoki haqiqiyligini inkor eta olmaydi, chunki hujjatlar oʻzlari uchun gapiradi”.

Yana bir oʻrtoqlik oʻyini bilan bogʻliq mojaro

Bu Kamerun ishtirokidagi oʻrtoqlik uchrashuvlari uchun toʻlangan pullar bilan bogʻliq birinchi mojaro emas. Oʻtgan yozda Fecafoot aʼzolari 2023-yil iyun oyida San-Diegoda boʻlib oʻtgan Kamerun va Meksika oʻrtasidagi oʻrtoqlik oʻyini uchun toʻlangan 600 000 dollar yoʻqolishi yuzasidan AQSH Adliya vazirligi va FQB bilan bogʻlangan edi.

Oʻsha paytda uchrashuvni tashkil etish uchun Amerikaning Soccer United Marketing kompaniyasi masʼul boʻlgan va shartnoma boʻyicha bu summani toʻlashi kerak edi, biroq pul amalda federatsiya hisobiga tushmagan.

Etoʻoning 5 yillik faoliyati: janjallar va diskvalifikatsiyalar

Yaqinda Etoʻo Infantinoning Jahon chempionati huquqlarini sotishga urinishiga doir tanqidlar fonida uni qoʻllab-quvvatladi. Kamerunlik futbolchi Infantino Afrika futbolini rivojlantirishga yordam berayotganini va afrikaliklarga katta orzular qilish imkonini berayotganini taʼkidladi.

“Prezident Janni Infantino futbolni oʻzgartirdi. U eng goʻzal turnir — Jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlmagan mamlakatlarga imkon berdi. U kichikroq mamlakatlarga ushbu musobaqaga yoʻllanma olishga yordam berdi. U bizning qitʼamizga yordam berdi. U bizning federatsiyalarimizning ancha tezroq rivojlanishiga zamin yaratdi. Biz uning qilgan ishlarini qabul qilishimiz, tan olishimiz va Infantinoni qoʻllab-quvvatlashimiz kerak”, dedi Etoʻo.

Etoʻo deyarli besh yildan beri Kamerun futbol federatsiyasini boshqarib kelmoqda va muntazam ravishda turli janjallarga aralashib keladi. Dastlabki ikki yilning oʻzidayoq juda koʻp savollar va shikoyatlar paydo boʻlgan.

U soliq firibgarligi uchun 22 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilingan, haqoratlari sabab ayollar oʻrtasidagi Jahon chempionatidan uzoq muddatga chetlatilgan, Jahon chempionatida bloger bilan janjallashgan, oʻyinlarni kelishilgan holda oʻtkazish va aliment toʻlamaslikda ayblangan.

Afrika Millatlar Kubogidagi “hunarlar”

Avvalgi Afrika Millatlar Kubogida ham Etoʻo bir nechta “hunar” koʻrsatgan edi. Avvaliga terma jamoa bosh murabbiyini ishdan boʻshatdi. Keyin esa Marokash federatsiyasi prezidentiga nomaqbul ishora qildi va toʻrtta oʻyinga chetlatildi.

Etoʻoning oʻzi barcha muammolar uning Kamerunda prezidentlikka nomzod sifatida koʻrilishidan kelib chiqadi, deb hisoblaydi.

“Odamlar hozir men futbolchilik paytimdagidan ham mashhurroq boʻlib ketganimni koʻrib, ʼu, albatta, davlat rahbari boʻlishni xohlaydiʼ, deb oʻylashadi. Bu men uchun muammolar tugʻdiradi, prezident boʻlish istagidagilar meni oʻzlariga raqib sifatida koʻrishadi. Bizning gʻoyalarimiz federatsiyaga foyda keltirsa ham, baʼzi odamlar buni siyosatga aylantiradi va toʻsiqlar yaratadi. Biroq, hamma ham mamlakat prezidenti boʻlishni xohlamaydi. Bu ishni eplash oson emas”, deydi Etoʻo.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.