Eronning yoʻq qilinishi tinchlikka olib kelgan boʻlardi - Tramp
AQSH prezidenti Donald Tramp Time jurnaliga bergan intervyusida Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida «Eronni yoʻq qilish» haqida aytgan soʻzlariga izoh berdi. Uning fikricha, bu davlat mavjud ekan, «tinchlik boʻlmaydi».

Eronning yoʻq qilinishi tinchlikka olib kelgan boʻlardi - Tramp
Trampga oʻzini «tinchlik prezidenti» deb ataydigan odam qanday qilib butun bir mamlakatni yoʻq qilishga chaqirishi mumkinligi haqida savol berildi.
«Chunki Eronni yoʻq qilib, biz butun dunyoda tinchlikka erishgan boʻlardik. Eron bilan tinchlik oʻrnatish mumkin deb oʻylamayman», - deb javob berdi u.
Donald Trampning aytishicha, Eronga qarshi operatsiya muddati uning tashabbusi bilan uzaytirilgan.
«Faqat uzoqroqqa borishni xohlaganim uchun. Men ularni yoʻq qildim. Oʻsha bosqichda toʻxtashim ham mumkin edi, lekin oldinga intilishni xohladim. Ular menga kerak emas edi - axir men belgilangan muddatda ulgurdim», - dedi Amerika prezidenti. Uning soʻzlariga koʻra, Eronning iqtisodiyoti, floti va harbiy aviatsiyasi yoʻq qilingan, inflyatsiya esa «300 foizni tashkil etmoqda».
AQSH prezidenti Eronning tinchlik yoʻli bilan tartibga solish boʻyicha soʻnggi taklifini rad etganini ham qoʻshimcha qildi, chunki uning ayrim jihatlari «yetarlicha yaxshi emas» edi. Axios nashri maʼlumotiga koʻra, uchrashuvda Qatar tomonidan taklif etilgan murosa — Tehronning yadroviy dasturini cheklash evaziga Amerikaning harbiy-dengiz blokadasini bekor qilish masalasi muhokama qilingan.

