Eronga qarshi operatsiyadan qaytgan F-35C'da gʻayrioddiy qaydlar kuzatildi
AQShning F-35C qiruvchisida tanker, uchta suvosti kemasi, harbiy kema va dronga oʻxshash belgilar aks etgan surat paydo boʻldi. The Aviationist nashri ularni bajarilgan jangovar vazifalar va nishonlarga oid qaydlar sifatida talqin qilmoqda. Biroq belgilarning oʻzi aynan qaysi obyektlar yoʻq qilinganini tasdiqlamaydi.

Eronga qarshi operatsiyadan qaytgan F-35C’da gʻayrioddiy belgilar kuzatildi
Eronga qarshi «Epik gʻazab» operatsiyasidan qaytgan samolyotlardagi bunday belgilar ular ishlatgan qurollar va bajargan vazifalar haqida qoʻshimcha maʼlumot berishi mumkin.
Samolyotdagi belgilar nimalardan iborat?
Qiruvchi fyuzelyajining chap qismida, kabina osti va havo qabul qilgich oldida turli oʻq-dorilar siluetlari koʻrinadi.
The Aviationist talqiniga koʻra, ular AIM-120 AMRAAM raketalari, AGM-154 JSOW boshqariladigan zarba vositalari hamda GBU-31 JDAM, GBU-54 Laser JDAM va GBU-32 JDAM aviabombalarini bildirishi mumkin.
Har bir siluet yonidagi qoʻshimcha chiziqlar tegishli qurol bir necha marta qoʻllanganini anglatayotgan boʻlishi ehtimol.
Qurol boʻlinmasi qopqogʻida esa nishonlarga oʻxshash tasvirlar bor. Ular orasida neft tankeri, uchta suvosti kemasi, korvet yoki fregatga oʻxshash harbiy kema, dron hamda artilleriya quroli siluetlari mavjud.
Yana ikki belgini aniq aniqlash qiyin. Nashr ulardan biri avtomobildagi koʻchma zenit majmuasini, ikkinchisi esa statsionar raketa uchirish qurilmasi yoki boshqa yer usti nishonini anglatishi mumkinligini yozgan.
Dron belgisi qaysi voqeaga tegishli?
Samolyotdagi dron silueti uchburchaksimon qanotli Shahed-136 apparatiga oʻxshaydi.
Maqolada eslatilishicha, 2026-yil 3-fevralda VMFA-314 eskadrilyasi samolyoti Arabiston dengizidagi «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi tomon uchgan Shahed-139 dronini urib tushirgan.
Shu sababli belgi aynan oʻsha voqeani anglatishi mumkin. Biroq suratdagi siluet oʻsha jangda tilga olingan dron turiga mos kelmaydi. Demak, bu bogʻliqlik hozircha taxminligicha qolmoqda.
Eng katta savol — uchta suvosti kemasi
Nashrning alohida eʼtiborini uchta suvosti kemasi belgisi tortgan. Taktik qiruvchining bunday nishonlarni urishi gʻayrioddiy holat hisoblanadi.
Avvalroq AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining VFA-41 eskadrilyasiga qarashli F/A-18F Super Hornet samolyotida ham suvosti kemasi silueti va Sub Buster — «Suvosti kemalari ovchisi» yozuvi koʻrilgani xabar qilingan edi.

