Eronda fuqarolar benzin sarfini kamaytirishga chaqirildi

Eronlik fuqarolar benzin iste’molini kamaytirishga chaqirilmoqda. Bu haqda 1-sentyabr kuni yuqori martabali mulozim ma’lum qildi. Mamlakat AQSH tomonidan joriy etilgan dengiz blokadasi tufayli yonilg‘i importida qiyinchiliklarga duch kelmoqda, bu esa talabni qondirishga to‘sqinlik qilmoqda. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Parlament spikeri va bosh muzokarachi Muhammad Bag‘ir G‘olibaf televideniye orqali qilgan murojaatida shunday dedi: “Albatta, bu yuqori iste’mol uchun mas’uliyatning bir qismi xalqimiz zimmasida emas, balki sanoatimizga bog‘liq. Ammo har qanday holatda ham benzinni tejashimiz kerak”.
Vashington Eronning Fors ko‘rfazi neft va gazi yetkazib beriladigan muhim yo‘l — Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yganiga javoban Eronga qarshi dengiz blokadasini joriy etgan. AQSH yaqinda Eron iqtisodiyotini yanada yakkalab qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli yangi sanksiyalarni ham e’lon qildi. Ayni paytda, so‘nggi kunlarda Tehrondagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida avtomobillarning uzun navbatlari kuzatildi.
Eron vitse-prezidenti Muhammad Ja’far G‘amfana o‘tgan haftada mamlakat ichida benzin ishlab chiqarish yetarli emasligini ta’kidlab, “AQSH dengiz blokadasi sababli benzin import qila olmaymiz”, degan edi.
Bu bayonotdan bir necha kun oldin Eron prezidenti devoni rahbari benzin kvotalari qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan edi. G‘olibafning ta’kidlashicha, yonilg‘ini tejash uchun xalqning hamjihatligi va aql bilan ish tutishi talab etiladi. “Agar undan to‘g‘ri foydalansak, mamlakatda o‘zimiz ishlab chiqarayotgan benzin miqdori bilan ham vaziyatni boshqara olamiz”, dedi u.
Urush tufayli kuchaygan yuqori inflyatsiya va zaiflashgan iqtisodiy istiqbollar ko‘plab eronliklarga og‘irlik qilmoqda. Shu sababli G‘olibaf subsidiyalarni kengaytirish rejasini ham e’lon qildi. “Hukumat va parlament elektron oziq-ovqat subsidiyasi dasturiga ajratiladigan mablag‘ni oshirishga qaror qildi. Bu, ayniqsa, iqtisodiy bosimning eng katta ulushini ko‘tarayotgan daromadi past qatlamlar uchun mo‘ljallangan”, dedi u.
2025-yilning dekabr oyida iqtisodiy muammolar ortidan boshlangan namoyishlar yakunda hukumatga qarshi keng ko‘lamli norozilik harakatiga aylanib ketgan edi. Bu holat yanvar oyida cho‘qqisiga chiqib, keyinchalik bostirilgan. G‘olibaf o‘z chaqirig‘ida aholi farovonligi ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. “Aslida, rasmiylar sifatida barcha sa’y-harakatlarimiz xalqqa tushayotgan bosimni kamaytirishga qaratilishi kerak. Shunda norozilik ham kamroq bo‘ladi. Chunki xalqning roziligi biz uchun asosiy prinsipdir”, dedi u.
Avvalroq Eron AQSH sanksiyalariga qaramay xorijiy valyuta zaxirasi yetarli ekanini ma’lum qilgandi. Mamlakat Markaziy banki rahbari valyuta bozorini barqarorlashtirish uchun 2 milliard dollargacha mablag‘ ajratishga tayyorligini bildirgan. U iqtisodiy qiyinchiliklar borligini tan olgan holda, mamlakat moliyaviy tizimi barbod bo‘lmaganini ta’kidlagan.

