Eron va Shvetsiya bir-birining diplomatlarini haydab yubordi

Eron va Shvetsiya bir-birining diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yubordi
Eron shvetsiyalik diplomatga mamlakatni tark etishni buyurdi. Bunga Shvetsiyaning Stokgolmdagi Eron elchixonasi xodimini mamlakatdan haydab yuborgani sabab bo‘ldi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi Shvetsiyaning bu qadamini asossiz deb atadi. Vazirlik bu qaror sionistik rejimning (Isroilning) ta’siri ostida qabul qilinganini va Eron elchixonasi faoliyatiga to‘sqinlik qilishga qaratilganini ma’lum qildi.
Eron TIVning G‘arbiy Yevropa bo‘yicha bosh direktori Alirizo Yusufiy Shvetsiyaning Tehrondagi elchisini chaqirtirdi. U Shvetsiyaning Eronga qarshi “terrorchi” guruhlarga mezbonlik qilayotganidan norozilik bildirdi.
Tashqi ishlar vazirligi Eron o‘z milliy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishini ta’kidladi. IRNA agentligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda Shvetsiya diplomatiga Eronni tark etish uchun 48 soat vaqt berilgani aytilgan.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi 16-sentyabr kuni Eron elchixonasi xodimidan mamlakatni tark etishni so‘ragan edi. Bunga ushbu xodimning Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga zid faoliyat olib borgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Eron TIV ham Shvetsiyaning xalqaro huquq, jumladan, 1961-yildagi Vena konvensiyasi bo‘yicha majburiyatlarini eslatdi. Vazirlik elchixona faoliyatiga xalaqit berish Shvetsiya zimmasiga xalqaro mas’uliyat yuklashi haqida ogohlantirdi.
Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Mariya Malmer Stenergard Eron rasmiysini chiqarib yuborish qarori Shvetsiya fuqarolari va manfaatlarini himoya qilish uchun qabul qilinganini aytdi.
Shvetsiya adliya vaziri Gunnar Strommer davlat televideniyesiga bergan intervyusida bu qaror Eronning “yahudiy va Isroil manfaatlariga” qarshi harakatlari bilan bog‘liqligini bildirdi.
“Biz Eron uzoq vaqt davomida Shvetsiyadagi va Shvetsiyaga qarshi xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlarni amalga oshirib kelganini bilamiz”, dedi Strommer.
U Eron o‘z maqsadlariga erishish uchun jinoiy tarmoqlardan foydalanayotganini ham qo‘shimcha qildi.
Lotin Amerikasi davlati Islom Respublikasining siyosatini qoralab, mamlakatni xalqaro savdoga salbiy ta’sir ko‘rsatishda ayblagan.

