Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy olti oydan beri omma oldida ko‘rinish bermayapti — Reuters

Eronning oliy rahbari Mojtaba Xomanaiy Isroil va AQSH bilan urush boshlanganiga olti oy bo‘lganiga qaramay, jamoatchilik oldida ko‘rinmayapti, deya xabar beradi Reuters.
Reuters agentligi suhbatlashgan Eron rasmiylari va yuqori martabali manbalarning ta’kidlashicha, Xomanaiy xavfsizlik nuqtai nazaridan yashirin faoliyat olib bormoqda va mamlakatdagi muhim qarorlarni qabul qilishda davom etmoqda. Biroq uning surati, videosi yoki ovozli murojaati e’lon qilinmagani mamlakat ichida uning sog‘lig‘i va davlat boshqaruvidagi roli haqidagi shubhalarni kuchaytirmoqda.
Mojtaba Xomanaiy urushning dastlabki kunlarida otasi, Eronning sobiq oliy rahbari Ali Xomanaiy o‘ldirilganidan so‘ng oliy rahbar lavozimiga tayinlangan edi. Reuters manbalariga ko‘ra, 28-fevral kuni Isroil va AQSHning havo hujumlari vaqtida uning yuzi jiddiy jarohatlangan. Shundan beri u omma oldida ko‘rinmagan.
Eron rasmiylari Xomanaiy xavfsizlik sababli jamoatchilikdan yashirilayotganini aytmoqda. Unga yaqin manbalarning bildirishicha, oliy rahbar yuqori martabali amaldorlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazadi, muhim hisobotlarni qabul qiladi va mamlakatdagi asosiy masalalar bo‘yicha yakuniy qarorni o‘zi beradi.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 10-avgust kuni Xomanaiy bilan yetti soat davom etgan uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qilgan. Xomanaiyning xalqqa murojaatlari esa hozircha televideniye orqali o‘qib eshittirilgan bir nechta yozma bayonot bilan cheklangan.
Reuters suhbatlashgan ayrim eronliklar, jumladan, hukumat tarafdorlari ham oliy rahnamoning uzoq vaqt davomida ko‘rinmayotgani mamlakatdagi ruhiy holatga salbiy ta’sir qilayotganini bildirgan. Qum shahridagi Basij ko‘ngillilar militsiyasi a’zolaridan biri rahnamoning ovozini eshitish yoki uning mamlakat boshqaruvida ekanini ko‘rsatuvchi biror belgi ko‘rish odamlarga ishonch berishini aytgan.
Shu bilan birga, hukumatga muxolif qarashdagi ayrim eronliklar Xomanaiyning tirikligi va muhim qarorlarni qabul qilayotganiga oid ochiq dalillar yo‘qligini savol ostiga olmoqda.
Urush Eronning iqtisodiy ahvoliga ham jiddiy zarar yetkazgan. Mamlakat neft eksportiga qo‘yilgan bir necha oylik blokada va urush xarajatlari fonida rial kursi keskin tushib ketgan. Reuters manbalariga ko‘ra, bu holat yanvar oyida kuch bilan bostirilgan ommaviy noroziliklar qayta boshlanishi xavfini oshirmoqda.
Eron siyosiy tizimi esa oliy rahbar va yuqori martabali harbiy qo‘mondonlarning yo‘qotilishiga qaramay, o‘z faoliyatini saqlab qolgan. Manbalarga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakatdagi strategik qarorlar qabul qilish jarayonida yanada katta ta’sirga ega bo‘lgan.
Hozirgi hokimiyat tuzilmasida yuqori martabali harbiy qo‘mondonlar bilan bir qatorda prezident Mas’ud Pezeshkiyon va parlament spikeri Muhammad Boqir Qolibof ham muhim o‘rin tutmoqda. Eron rasmiylari mamlakat tashqi siyosati va asosiy qarorlari izchil davom etayotganini Xomanaiy boshqaruvni nazorat qilayotganining belgisi sifatida ko‘rsatmoqda.
Reuters suhbatlashgan manbalardan biri Xomanaiyning sog‘lig‘i sezilarli darajada yaxshilanayotganini, u vaziyatni yaxshi anglab, qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etayotganini aytgan. Biroq ekspertlar uning uzoq vaqt davomida jamoatchilikka ko‘rinmayotgani xavfli siyosiy noaniqlikni yuzaga keltirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Iyul oyida otasining dafn marosimida ham ko‘rinmagan Xomanaiyning qayerdaligi va mamlakatni boshqarishdagi ishtiroki borasida savollar paydo bo‘lgandi. 8-avgust kuni esa Mehr axborot agentligi u aks etgan ilk videoni e’lon qilgan.

