Eron Makka kelishuviga qo‘shilishga taklif oldi

Eron Makka kelishuviga qo‘shilish taklifini oldi. Hozirda Tehron ushbu taklifni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Eron parlamenti axborot agentligi rahbari Mahdi Rahimiy Al Mayadeen telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Rahimiyning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa davlatlarining yagona "xavfsizlik soyaboni"ni yaratishga intilishi Eron uchun "g‘alaba" hisoblanadi, chunki Eron bunga uzoq vaqtdan beri chaqirib kelgan.
Biroq, hozircha Eronning Makka kelishuviga qo‘shilishga rozi bo‘lgani haqida ma’lumot yo‘q. Shuningdek, taklifni aynan qaysi davlat va qachon yuborgani, shuningdek, Eronning ehtimoliy a’zoligi qanday shartlarni nazarda tutishi ham ochiqlanmagan. Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston hukumatlari ham Eronni kelishuvga qo‘shilishga taklif qilgani haqidagi xabarni rasman tasdiqlamagan.
**Makka kelishuvi nima?**
Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston rahbarlari 7-avgust kuni Makkada jamoaviy mudofaa to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan edi. Kelishuvga ko‘ra, uch davlatdan biriga uyushtirilgan qurolli hujum qolgan ikki davlatga ham qilingan hujum sifatida baholanadi. Shu tariqa tomonlar o‘zaro mudofaa majburiyatini olgan.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan kelishuvdagi ushbu mexanizmni NATO shartnomasining 5-moddasiga qiyoslagan. Biroq u kelishuv Eron yoki boshqa biror davlatga qarshi qaratilmaganini ta’kidlagan. Ayni paytda kelishuvga boshqa davlatlarning ham qo‘shilishi mumkinligi aytilgan. Misr ham ehtimoliy nomzod sifatida tilga olingandi.
9-avgust kuni Yaman husiylari Saudiya Arabistonining Jizan shahridagi Saudi Aramco kompaniyasiga qarashli neftni qayta ishlash zavodiga dron orqali hujum qilgandi. Hujum Saudiya Arabistoni Turkiya va Pokiston bilan mudofaa kelishuvini imzolaganidan ikki kun o‘tib sodir bo‘lgan edi.

